Muallimlarni qiynayotgan yoʻl azobi

14:00 03 Aprel 2026 Jamiyat
365 0

Illyustrativ foto

Hadislarda ilmni Chinda (Xitoyda) boʻlsa ham oʻrganinglar, deya zikr etilgan. Bilim olishni istagan inson oʻzga makonlarga borib boʻlsa-da, ilmiy salohiyatini yanada oshirishga harakat qilishi, bu yoʻlda hech qanday qiyinchiliklardan chekinmasligi zarur. Ammo ilm yoʻlidagi mashaqqatlar koʻr-koʻrona yaratilgan, muammoni hal qilish imkoni boru bunga hech bir masʼul bosh qotirmayotgan boʻlsa-chi? Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat olib borayotgan minglab oʻqituvchilarni shunday savol qiynamoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-iyundagi qarori bilan maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlarining rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarining kasbiy bilim, koʻnikma va mahoratini muntazam oshirib borishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari negizida Pedagogik mahorat markazlari tashkil etildi.

Shuningdek, maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda mavjud quvvatlarni kengaytirish maqsadida respublika boʻyicha 11 ta pedagogika kolleji bino va inshootlari tegishli mol-mulki bilan birga hududlardagi Pedagogik mahorat markazlari tasarrufiga oʻtkazildi. Jumladan, Shahrisabz pedagogika kolleji bino va inshootlari Qashqadaryo viloyat Pedagogik mahorat markazi ixtiyoriga berildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-sentyabr kuni taʼlim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida berilgan topshiriqqa asosan, hududlardagi Pedagogik mahorat markazlari Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti andozasi asosida taʼmirlanishi va jihozlanishi belgilandi.

Shunga koʻra, 2025-yilning iyun oyidan Qashqadaryo viloyat Pedagogik mahorat markazining Qarshi shahrida joylashgan asosiy binosi taʼmirlanadi deya yopilib, markaz faoliyati Shahrisabz shahridagi oʻziga yangi berilgan qoʻshimcha binoga koʻchirildi. Bu esa viloyatdagi minglab oʻqituvchilar uchun haqiqiy muammoni yuzaga keltirdi. Chunki Qarshi shahri nafaqat rasmiy jihatdan, balki geografik joylashuvi va mavjud infratuzilma borasida ham viloyatning haqiqiy markazi hisoblanadi. Bu yerda transport, mehmonxona, ijaraga kvartira topish yoki shu kabi boshqa sohalarda muammoga deyarli duch kelmaysiz. Viloyatning hamma hududlaridan markazga doimiy transport qatnovi mavjud. Boz ustiga shaharda koʻpchilikning farzandi, aka-ukasi yoki boshqa yaqin qarindoshlaridan kimdir yashaydi. Shu bois ham avvallari chekka hududlardagi oʻqituvchilar uchun bir oy muddatga Qarshi shahriga kelib malaka oshirish kurslarida ishtirok etish unchalik ham muammo tugʻdirmagan.

Shahrisabz shahri esa viloyatning sharqiy tomondan eng chekka hududida, Qarshi shahridan qariyb 110 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shahar chiroyli, ozoda, lekin katta emas. Boz ustiga soʻnggi yillarda Shahrisabzda ikkita katta oliygoh, bir nechta professional taʼlim muassasalari ochildi. Pirovardida bu yerda talablar uchun ham ijaraga kvartira topish oson boʻlmay qoldi. Atigi bir oyga yaqin muddat uchun esa hech kim uyini ijaraga bergisi kelmaydi. Natijada viloyatning gʻarbiy, shimoliy va janubiy hududlari – Mirishkor, Qarshi, Nishon, Kasbi, Koson, Muborak, Dehqonobod tumanlaridan malaka oshirish kurslariga yuborilgan oʻqituvchilar har kuni 300 — 400 kilometrgacha yoʻl bosib, Shahrisabzga qatnashga majbur boʻlmoqda. Ayniqsa, xotin-qiz oʻqituvchilar uchun muammoning koʻlami yanada katta.

– Mirishkor tumanidanman, – deydi bizga murojaat qilgan oʻqituvchilardan biri. – Ertalab soat toʻrtta turib, avval tuman markaziga, u yerdan esa Qarshi shahriga kelaman. Mirishkordan Qarshiga qatnaydigan taksilar koʻp, lekin toʻgʻridan-toʻgʻri Shahrisabzga boradigan mashina yoʻq. Shu bois Qarshiga kelgach, bu yerdan yana Shahrisabzga boradigan mashina qidirasiz. Baʼzan soatlab taksi kutishingizga toʻgʻri keladi. Xullas, 4-5 soat yoʻl yurib, uch-toʻrtta mashina almashtirib, 120-150 ming soʻm atrofida pul sarflab, yana darslarga kechikib boraman. Qaytishda esa tagʻin shu muammo va yana shuncha xarajat. Hatto tushlik qilmayman, lekin faqat yoʻlning oʻziga bir kunda kamida 250 ming soʻm sarflayman. Borish kelishni hisobga olganda, 7-8 soat umrim mashinada oʻtadi. Kechga uyga kirib borgunimga qadar yarim tun boʻladi, tong yorishmay yana yoʻlga chiqaman. Toʻgʻri, bu bir oyda oʻtib ketadigan qiyinchilik, lekin nahotki Qarshi shahrida biz muallimlar uchun malaka oshiradigan bitta bino topilmasa?!

Qashqadaryo viloyat pedagogik mahorat markazi direktorining Akademik faoliyati boʻyicha oʻrinbosari Zuryod Xamrayev bergan maʼlumotga koʻra, markazda har oyda viloyatning turli hududlaridan kelgan 1200 ga yaqin rahbar va pedagog xodimlar malaka oshiradi.

– Markazimiz uchun Qarshidan ijaraga bino olish ham mumkindir, — deydi Z. Xamrayev. – Lekin bu yerdagi bino oʻzimizning balansimizda. Hamma shart-sharoitlar mavjud. Ixtiyorimizda shunday bino boʻla turib, yana yiliga bir necha milliardlab pul sarflab ijaraga bino olish qanchalik toʻgʻri boʻladi?! Bizga mahalliy byudjetdan ijara uchun shuncha pul ajratiladimi?! Masalaning shu tomonlari ham bor.

Masʼulning fikrlari ham oʻrinsiz emas. Ammo mahalliy byudjetga tushmayotgan oʻsha zarar olis Shahrisabzga qatnab malaka oshirayotgan minglab oʻqituvchilarning choʻntagiga tushmoqda. Shu bois koʻpchilik pedagoglar oʻz malaka oshirish navbati kelguniga qadar Markazining Qarshi shahridagi binosi tezroq taʼmirlanib, foydalanishga topshirilishini kutayotgani bor gap. Ammo binoning “taʼmirlanadi” deya yopilganiga salkam bir yil boʻlgan boʻlsa-da, hali u yerda koʻzga tashlanadigan ish boshlangani yoʻq.

– Joriy yilning 2-mart kuni Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining qarori bilan Qashqadaryo viloyat Pedagogik mahorat markazining taʼmirlash ishlari uchun 3 milliard soʻm mablagʻ ajratildi, – deydi Qashqadaryo viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi direktorining oʻrinbosari Dilshod Abdullayev. – Ayni paytga qadar “Spektr loyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan binoning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, 11 milliard 830 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha davlat ekspertiza xulosasi olingan. Ayni paytda loyiha kompleks ekspertizaga berilgan. Kompleks ekspertiza ham maʼqullab, ruxsat bersa, shundan soʻng pudratchi tashkilot aniqlanib ishlar boshlanadi.

Bu jarayon yana qancha davom etishi bizga ham, masʼullarning oʻziga ham qorongʻu. Chunki loyiha tasdiqlanib, pudratchi tashkilot aniqlanganidan soʻng ham yana mahalliy byudjetdan bunga pul ajratilishi, qurilish ishlarining choʻzilishi bilan bogʻliq masalalar bor. Bu balki bir yil, balki yillarni talab etishi mumkin. Ungacha muammo davom etaveradimi? Nahotki, Shahrisabzga qatnayotgan muallimlarning dardini eshitadigan, malakasini oshirish uchun Qarshidan biror bino topib beradigan jonkuyar masʼullar boʻlmasa? Biz yana mavzuga qaytamiz.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?