Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga oʻtkazildi

15:53 02 Aprel 2026 Jamiyat
317 0

Foto: SSV

Prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga oʻtkazildi.

Ushbu hujjat ijrosi doirasida kecha, 1-aprel kuni Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi bilan Davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasini tashkil etishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Unga koʻra 2026-yil 1-apreldan:

• tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmaydi;

• zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti qoʻllaniladi;

• yuqori ruhiy va aqliy zoʻriqishli ishlar uchun ham 36 soatdan oshmaydi;

• tibbiyot xodimlari boʻlmaganlar uchun ish vaqti 40 soatni tashkil etadi.

Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ish vaqti:

• dushanba–juma: 08:00–20:00;

• shanba: 08:00–14:00 (navbatchilik).

Sogʻliqni saqlashning yangi modeli joriy etilgan hududlarda:

• asosiy ish vaqti: 08:00–16:00;

• qoʻshimcha navbatchilik: 16:00–20:00.

Hujjatda shifo maskanlari faoliyatining uzluksizligini taʼminlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.

Navbatchilik vazirlikning 254-son buyrugʻi asosida amalga oshiriladi. Ish haqi saqlanadi, kamaytirilmaydi. Ichki hujjatlar va mehnat shartnomalari qayta rasmiylashtiriladi.

“Statsionarlarda navbatchilik doimiy tashkil etiladi. Smena va navbatchilik adolatli taqsimlanadi”, deyiladi SSV xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?