Temuriylar davrining yashirin boyligi
Toshkent yaqinida joylashgan qadimgi Shohruxiya shahridan Temuriylar davriga mansub koʻplab tarixiy ahamiyatga ega topilmalar kashf etilmoqda. Qazishmalar Buyuk Ipak yoʻli tarixiga yangi sahifalar ochib, hududning YUNESKO Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kirishi imkoniyatini taqdim etmoqda.
Bir zamonlar Chingizxon bosqinidan soʻng kultepaga aylangan Fanokat shahri Amir Temurning bunyodkorlik salohiyati va davlat siyosatining natijasi sifatida qayta tiklandi. Sohibqironning mashhur soʻzlari bunga oydinlik kiritadi: “Qay bir joydan bir gʻisht olsam, oʻrniga oʻn gʻisht qoʻydirdim, bir daraxt kestirsam, oʻrniga oʻnta koʻchat ektirdim...” Har bir zafarli voqea va muhim voqelikni muhtasham obidalar orqali nishonlash sohibqiron saltanatida odat tusiga aylangan.
Hindiston, Sheroz, Isfohon va Damashqning mashhur usta-hunarmandlari mamlakatda hashamdor imorat va inshootlar qurgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Amir Temur zabt etgan davlatlardagi Bagʻdod, Darband va Baylaqon kabi shaharlarni qayta tiklagan. Hozirgi kunda Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumani hududiga toʻgʻri keluvchi Fanokat shahri ham ana shular jumlasidan hisoblanadi.
Sirdaryoning oʻng qirgʻogʻidagi bu qadimiy shahar qariyb bir yarim asr davomida vayron holda qolgan va uning nomi ham unutila boshlagan edi. Biroq Temurning bunyodkorlik salohiyati bilan shaharning qaddi va qadri qayta tiklandi. XV asrda yashagan tarixchi Fasih Ahmad Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida Chingizxon tomonidan vayron qilingan Fanokat shahri Amir Temur farmoni bilan qayta tiklanib, toʻrtinchi oʻgʻli sharafiga “Shohruxiya” deb nomlangani qayd etilgan. Shahar qurilishi ishlari Temurning nabirasi Mirzo Ulugʻbek tomonidan yakuniga yetkazilgan. Bunga Amir Temurning bunyodkorlik siyosatidan kelib chiqib oddiy qurilishdek qarash mumkin. Chunki Temuriylar saltanatida Shohruxiya kabi qayta barpo etilgan shaharlar oz emas. Ammo bu shaharning tiklanishi chuqur ramziy maʼno va strategik maqsadni ifodalaydi. U Amir Temurning nafaqat yangi yerlarni zabt etuvchi sarkardaligini, balki oʻtmishda vayron qilingan shaharlarga yangi hayot olib kiruvchi yaratuvchanlik siyosatidagi asosiy namuna ekanligini koʻrsatadi.
Nega aynan Fanokat edi? Bu shahar qadimdan Buyuk Ipak yoʻlidagi muhim savdo chorrahalaridan biri boʻlgan. Uning qayta tiklanishi mintaqada savdo-sotiqni jonlantirish, yangi karvon yoʻllarini ochish va Temuriylar saltanatining iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilgan, hunarmandchilik, tijorat va madaniyat markaziga aylangan.
Asrlar oʻtsa ham, Shohruxiya yodgorligi tadqiqotchilar va tarixiy qiziquvchilarning diqqatini jalb qilmoqda. Dastlabki arxeologik maʼlumotlar 1876-yilda D. Zatsepin va N. Pantusov tomonidan berilgan. 1907-yilda I. Belyayev, 1913-yilda A. Kastanye Shohruxiya toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplagan. Yodgorlik 1925-yilda A. Semenov tomonidan tuzilgan Markaziy Osiyoning arxeologik yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan. XX asrning oʻrtalarida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti hamda Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi xodimlaridan iborat guruh arxeolog Yu. Buryakov rahbarligida Shohruxiyada davomli arxeologik tadqiqot ishlarini olib borgan. 1970–1990-yillarda vohaning antik va oʻrta asrlar shaharsozligi masalalari tadqiq qilingan.
– Shohruxiyada qazishmalar hozirda ham davom etmoqda, – deydi Ijtimoiy va siyosiy fanlar instituti dotsenti Omon Mamirov. – Qazishmalarning maqsadi Temuriylar davri madaniy qatlamlari va mahobatli qurilish qoldiqlarini aniqlashdir. Bu hudud tanlanishi ham Temurning bunyodkorlik faoliyati bilan bogʻliq. Bugungi kungacha Shohruxiyada jami hisobda 21 ta qazishma ishlari olib borilgan. Oʻtgan yili Milliy arxeologiya markazi va Turkiyaning Yildirim Boyazid universiteti bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borildi. Sababi ayni hudud yozma manbalarda Temurning bunyodkorlik faoliyati bilan bogʻliqligi eslatib oʻtiladi. Hisor hududi Temur farmoniga koʻra mudofaa devori bilan qurshalgan. Yodgorlikni uzoq yillar tadqiq qilgan akademik Yu. Buryakovning taʼkidlashicha, uning barcha hududlarida ilk oʻrta asr madaniy qatlamlari aniqlangan. Butun qazilma hududida kul, koʻmir, ohak hamda organik va qurilish qoldiqlari aralashgan tuproq qatlami kuzatilgan. Qatlam tarkibida bosma naqshlar tushirilgan sirlangan sopol idishlar va hayvon suyaklari qoldiqlari ham topilgan. Kam hollarda oq fonga och siyohrang, koʻk rangda oʻsimlik motivida (islimiy) bezaklar tushirilgan sirlangan sopol qoldiqlarining borligi aniqlangan.
Temuriylar davri kulolchiligi anʼanalarida ayni ushbu koʻk rangli bezash uslubi xarakterli xususiyat hisoblanadi. Fors tilidagi yozma manbalarda, koʻk rangli boʻyoq ishlab chiqarishda asosiy mineral hisoblangan lazurit Eronga “oʻzbeklar yurti”dan keltirilgani qayd etilgan. Aynan temuriylar davri kulollik anʼanalarida Xitoy chinnisiga mengzab idish yasash urf boʻlgan. Bu davr kulollik anʼanalarini tadqiq qilgan S.Ilyasovaning fikriga koʻra, ushbu bezaklarning barchasi nilufar guli tasvirining turli shakllaridir. Mazkur qazishmalar davomida himoya devori boʻlmasining sharqiy tegrasiga yaqin joyda butun qozon ham aniqlangan. Boʻlmaning shimoliy tegrasiga yaqin joydagi katta oʻra tagidan qoraxoniylar davriga oid xom gʻishtdan qurilgan devor borligi ham maʼlum boʻldi. Katta ehtimol bilan bu biror qurilma boʻlishi ham mumkin. Boʻlma ichida uning topilma va qurilmalar boʻyicha qazishma ishlari Nishonboy Qulboyev tomonidan olib borilgan. Uning shimoli-gʻarbiy burchagida diametri 40x40 sm boʻlgan oʻchoq topilgan.
Qazishmalar jarayonida aniqlangan meʼmoriy qurilma va qoʻlga kiritilgan topilmalar xususiyatiga koʻra, soʻnggi oʻrta asrlar davriga oid boʻlib, Shohruxiya hududida shaharsozlik va tamaddun rivojlanganini tasdiqlaydi.
– Amir Temurning boshqaruv falsafasi davlatning kuch-qudrati faqatgina harbiy gʻalabalar bilan emas, balki shaharsozlik, obodonchilik va farovonlikni taʼminlashda oʻz ifodasini topadi, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Oqqoʻrgʻon tumani boʻlinmasi rahbari Oʻgʻiloy Botirova. – Temuriylar davrida vayron qilingan yerlarga hayot bagʻishlash, choʻlu biyobonlar oʻrnida bogʻ-rogʻlar yaratish va vayronayu xarobazorlarga yangi hayot nashʼasini olib kirish Amir Temur siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlgan. Amir Temur oʻz tuzuklarida naql qilganidek, kimki bizning qudratimizga shubha qilsa, biz qurdirgan binolarga qarasin.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring