Qodiriyning mehri tushgan mahalla
“Men Margʻilon koʻchalarida yurib, karvonsaroy, eski Oʻrda oʻrinlarini belgiladim. Mirzakarim qutidor, usta Olim, Homid, Sodiqlar uyini taxminladim va “Xoʻja Maʼoz”da bir kecha tunadim...”
“Xoʻja Maʼoz” ziyoratgohining Margʻilon shahridagi tabarruk maskanligini yaxshi bilgan sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanida ushbu qadimiy goʻshani tasvirlarkan, “Bir necha yuz yillardan beri yashab, favqulodda zoʻrayib ketgan “Xoʻja Maʼoz” mozorining chakalagi bu qorongʻulikka bir manba kabi edi”, deb yozadi. Adibmiz Margʻilonga kelgan kezlari ziyoratchilar bilan suhbatlashib, ularning birda yoqimli, birda qaygʻuli xotiralarini qogʻozga tushiradi.
Bugungi kunda Margʻilondagi “Yoyilma” va unga yondosh hududda joylashgan Fargʻona shahri tasarrufidagi “Xoʻjamagʻiz” mahallasidagi ziyoratgoh xalq orasida Xoʻjamagʻiz, Xasti Maʼoz mozori, deya ataladi. Bizgacha yetib kelgan tarixiy manbalarda ushbu mozor nomi Hazrat Maʼoz Jabal, deya tilga olinadi.

— Bolaligimizda nuroniylardan Abdulla Qodiriy va uning adabiy qahramonlari bilan bogʻliq ajoyib xotiralarni eshitganmiz, — deydi “Yoyilma” MFYda istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abduhoshim Ibragimov. — Shunday tabarruk zotning izi qolgan mahallada yashayotganimdan faxrlanaman. Hatto Qodiriy bobomiz bogʻdorchilikda gʻoyatda mirishkor boʻlganini eshitib, moʻjazgina bogʻ ham yaratganman. Mahalladagi 1,5 mingdan ziyod oilaning 80 foizi hunarmand, oʻzim ham sandiqsozlikda beshinchi avlod vakiliman. Margʻilonda Kumush, Otabek, Abdulla yoki Abdulloh ismi hamon urfda.
Bir necha yillardan buyon Margʻilonda yashab oʻtgan madaniyat va sanʼat sohasi namoyandalari xotiralari asosida Abdulla Qodiriy yurgan yoʻllar, mahallalar, ziyoratgohlar va u suhbatlashgan insonlar hayoti qunt bilan oʻrganilmoqda. Burhoniddin Margʻinoniy majmuasida “Otabek va Kumush uyi” qad rostlayotgani ham buning tasdigʻidir.
— Mamlakatimizning boshqa viloyatlari, qoʻshni respublikalar va turkiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar Qodiriy va Kumush bilan bogʻliq joylarni koʻrsatishimizni soʻrashadi, — deydi Margʻilon shahar hokimi Shukrulloxon Nisbatxonov. — Shu sababli “Otabek va Kumush uyi” turizm majmuasiga uygʻun holda ikki-uch kunlik turizm marshruti ishlab chiqilmoqda. Endilikda sayyohlar “Oʻtkan kunlar” asari muallifi va adabiy qahramonlari bilan bogʻliq mahallalarni toʻliq ziyorat qilish imkoniga ega boʻladi.

Bugun Yoyilma va Xoʻjamagʻiz mahallasini temir yoʻl ikkiga ajratib turadi. Ammo azaldan qoʻni-qoʻshni boʻlib yashaydigan mahallalar ahlining yaxshi-yomon kunlari birgalikda oʻtadi. Xoʻjamagʻizliklar ham dehqonchilik mirishkori, ayniqsa, gulchilikda ularning oldiga tushadigani yoʻq.
Abdulhamid Mamajonov va Manzura Abduvaliyeva bugun Xoʻjamagʻizdagi eng ibratli oila sohibi. Qoʻshni hovlilarda voyaga yetgan ikki yosh “Oʻtkan kunlar” romani tufayli bir-biriga koʻngil qoʻygan. Qanday qilib deysizmi? Manzura ayaning otasi maktabda 45-yil oʻqituvchi boʻlib ishlagan. Xonadondagi moʻjazgina kutubxonada “Oʻtkan kunlar” asarining ilk va asl nusxalari saqlanadi. Adabiyotga mehr qoʻygan Abdulhamid tez-tez bu yerdagi kitoblardan bahramand boʻlib, oilaning erkatoy malikasi timsolida oʻz Kumushini topadi.

— Oila qurganimizga 52-yil boʻldi, — deydi Manzura aya. — Turmush oʻrtogʻimning kitobga yuksak hurmat koʻrsatishi farzand va nabiralarimizga ham oʻtgan. Hozirgi kunda 6 nafar nabiralarimiz davlat granti asosida oliy taʼlimda oʻqimoqda. Kelinimiz Fargʻona davlat universitetida oʻqituvchi.
Abdulhamid otaning suyukli nabirasi Hurmatoy Abulhamidova poytaxtimizdagi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomladi. Ayni paytda doktorlik ishi boʻyicha izlanishda. U bolalikdan bobosiga mashhur olima boʻlishga vaʼda bergan. Nabirasining bu orzusini qoʻllab-quvvatlab kelayotgan bobosi u magistraturaga kirganda kontrakt toʻlovi uchun hech ikkilanmay minib yurgan mashinasini sotib yuborgan.

Margʻilonning bu mahallari oddiy hudud emas. Bu mahalla — oʻtmish va bugunni bogʻlab turgan qadriyatlar manbaidir. Qodiriy qalami bilan abadiylashgan muhabbat, sadoqat, or-nomus ruhi bugun ham bu koʻchalarda sezilib turadi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring