Fargʻonada ogʻufurushlar 12-yildan 15-yilgacha qamaldi

12:10 02 Aprel 2026 Jamiyat
157 0

Fargʻona viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shugʻullangan 5 kishiga nisbatan 12-yildan 15-yilgacha boʻlgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Fargʻona viloyatida navbatdagi tezkor tadbir oʻtkazildi.

Olingan maʼlumotlarga koʻra, muqaddam narkokuryerlar tomonidan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib oʻtilib, keyinroq Yozyovon tumanidagi dala maydoniga berkitib ketilgan boʻlgan.

Tezkor tadbir davomida Margʻilon shahrida yashovchi, 1983-yilda tugʻilgan xususiy tadbirkor hamda uning 1989-yilda tugʻilgan jinoiy sherigi mazkur xufiya joydan 9 kg 896 gr “gashish” moddasini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, qoʻlga olish jarayonida voqea joyidan qochishga uringan tadbirkorning yonidan 14,5 ming AQSH dollari va 6 mln 250 ming soʻm pul mablagʻlari ham olingan.

Bundan tashqari, tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur jinoyatga aloqador boʻlgan Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi, 1980-yilda tugʻilgan fuqaroning yashash xonadonidan 110 gr “opiy” moddasi, 2 ta elektron tarozi, 1200 AQSH dollari hamda 28 mln soʻm olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida esa mazkur noqonuniy ishga 1990 va 1995-yillarda tugʻilgan aka-ukalarning ham aloqadorligi aniqlangan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Bogʻdod tuman sudining hukmiga muvofiq, ushbu 5 nafar sudlanuvchi tegishliligi boʻyicha Jinoyat kodeksining 246, 273 va 276-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan 12-yildan 15-yilgacha boʻlgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?