NASA 50 yildan soʻng ilk bor astronavtlarni Oy atrofiga yubordi

11:33 02 Aprel 2026 Dunyo
281 0

Foto: NASA

NASAʼning Artemis II missiyasi doirasida astronavtlar Oy atrofiga parvozni boshladi. Bu soʻnggi 50 yildan ziyod vaqt ichida inson ishtirokida amalga oshirilayotgan ilk oy missiyasi hisoblanadi.

NASAʼning SLS (Space Launch System) raketa tashuvchisi bugun, 2-aprelga oʻtar kechasi Florida shtatidagi Kennedi kosmik markazining 39B uchirish maydonidan muvaffaqiyatli uchirildi. Raketa Orion kosmik kemasi bortidagi toʻrt nafar astronavtni Oy atrofiga sinov parvoziga olib chiqdi.

NASA rahbari Jared Ayzekmanning qayd etishicha, mazkur parvoz AQSH va kosmik tadqiqotlarga ishongan barcha insonlar uchun muhim bosqich hisoblanadi. Uning taʼkidlashicha, Artemis II dasturi insoniyatni 50 yildan soʻng yana Oyga qadam qoʻyishi va kelgusida u yerda doimiy faoliyat yuritish uchun asos yaratadi. Missiya doirasida astronavtlar yangi raketa va kosmik kema imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazadi.

Taxminan 10 kun davom etadigan missiyada NASA astronavtlari Reyd Uayzmen, Viktor Glover, Kristina Kox hamda Kanada kosmik agentligi vakili Jeremi Xansen ishtirok etmoqda. Bu NASAʼning Artemis dasturidagi birinchi inson ishtirokidagi missiya boʻlib, uning asosiy vazifalaridan biri — ekipaj ishtirokida hayotni taʼminlash tizimlarini sinovdan oʻtkazish va kelajakda Oy hamda Marsga parvozlar uchun zamin yaratishdir.

Orion kemasi kosmosga chiqqanidan soʻng quyosh batareya panellarini ochgan va quyosh energiyasini qabul qilishni boshlagan. Shu bilan birga, ekipaj va Yerdagi muhandislar parvoz tizimlarini tekshirishga kirishgan. Parvoz boshlanganidan 49 daqiqa oʻtgach, raketaning yuqori bosqichi ishga tushirilib, Orion Yer atrofida elliptik orbitaga chiqarilgan. Keyingi manyovr natijasida kema Yerdan taxminan 46 ming mil uzoqlikdagi yuqori orbitaga yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, raketa yuqori bosqichidan Argentina, Germaniya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni kosmik tashkilotlariga tegishli toʻrtta kichik CubeSat sunʼiy yoʻldoshi ham uchiriladi. Ular ilmiy tadqiqotlar va yangi texnologiyalarni sinovdan oʻtkazish bilan shugʻullanadi. Orion bir kun davomida yuqori orbitada qolib, ekipaj qoʻlbola boshqaruv imkoniyatlarini ham sinovdan oʻtkazadi.

Barcha tizimlar meʼyorda ishlasa, 2-aprel kuni Orion kemasi Yevropa tomonidan ishlab chiqilgan xizmat moduli yordamida Oyga yoʻnaltiriladi. Bu taxminan 6 daqiqa davom etadigan manyovr boʻlib, kema Oy atrofidan aylanib, uning tortish kuchidan foydalangan holda yana Yerga qaytish trayektoriyasiga chiqadi. 6-aprel kuni rejalashtirilgan Oy yaqinidan uchish vaqtida astronavtlar Oy yuzasini suratga oladi va uning odamlar kam kuzatgan qismi haqida maʼlumotlar toʻplaydi.

Missiya muvaffaqiyatli yakunlansa, astronavtlar Yerga qaytib, Tinch okeaniga qoʻnishadi. NASA Artemis dasturi doirasida keyingi missiyalarni yanada murakkab qilib, Oyni chuqurroq oʻrganish, iqtisodiy imkoniyatlarni rivojlantirish va insonning Marsga parvozini amalga oshirish uchun zamin yaratishni rejalashtirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?