Buyuk kashfiyotlar kichik laboratoriyalardan boshlanadi

20:29 01 Aprel 2026 Jamiyat
380 0

Soʻnggi besh yil davomida 26 ta yirik ilmiy loyiha amalga oshirilgan, 2700 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan va 43 ta patent olingan Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutida “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi.

Tadbir doirasida institut faoliyati bilan yaqinroq tanishtirish maqsadida press-tur oʻtkazilib, unda institut xodimlari, professor oʻqituvchilar, doktokratura bosqichi talabalari, soha mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

“Bugun sizlar laboratoriyalar bilan tanishasiz, asbob-uskunalarni koʻrasiz va olimlar bilan muloqot qilasiz. Biroq bu yerda eng muhim narsa asboblar emas, balki fikrlay olish qobiliyatidir. Aynan shu laboratoriyalarda yangi materiallar, nanotexnologiyalar va ekologik muammolarga yechimlar yaratiladi. Zero, buyuk kashfiyotlar kichik laboratoriyalardan boshlanadi”, deydi OʻzR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti direktori, prof. A. B. Ibragimov.

Institut faoliyati ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻlangan. Mutaxassislarning bildirishicha, mazkur dargoh Oʻzbekiston kimyo sanoatining ilmiy poydevorini yaratishda muhim oʻrin tutadi.

Mamlakatimizda havoning ifloslanishi, xususan, dispers chang zarrachalarining (havoda muallaq holda tarqalgan, juda mayda qattiq zarrachalar – tahr.) ortishi dolzarb ekologik muammo boʻlib, bu holat aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, nafas olish tizimi kasalliklarining koʻpayishiga sabab boʻlmoqda. Shu bois, Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari hamkorlikda nanotsellyuloza asosida ekologik toza, qayta tiklanadigan xomashyodan olingan yangi turdagi gibrid aerogel yaratgan. Mutaxassislar fikricha, aerogellar asosidagi filtratsiya materiallarini amaliyotga joriy etish ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim istiqbolli yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

Qayd etish kerakki, Institut 25 ta oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik qilib, xalqaro ilmiy loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, Xitoy va Yevropa davlatlari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutida uyushtirilgan ushbu tadbirlar ilmiy ishlanmalarni jamoatchilikka tanishtirish va yoshlarni ilm-fanga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sevinch SAIDQULOVA,

OʻzJOKU 2-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?