Toshkentda sud qaroridan norozi fuqaro daraxtga chiqib oldi
Foto: Telegram
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro oʻziga oid jinoyat ishi boʻyicha chiqarilgan sud qarorlaridan noroziligini bildirib, Oliy sud binosi yonidagi daraxtga chiqib olgani aks etgan foto va videolar tarqaldi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot eʼlon qildi.
Unga koʻra, voqea joriy yilning 30-mart kuni 47 yoshli fuqaro A.Ch. bilan sodir boʻlgan. Shundan soʻng fuqaro pastga tushirilgan va jismoniy holati tekshirilgan. Aniqlanishicha, unga hech qanday shikast yetmagan. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida A.Ch. Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov tomonidan qabul qilinib, uning shikoyati tegishli tartibda oʻrganish uchun rasmiylashtirilgan.
Maʼlum qilinishicha, A.Ch. Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2020-yil 5-oktyabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash) 3-qismi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlanib, unga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi yuqori instansiya sudlarida koʻrib chiqilib, oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Bundan tashqari, A.Ch. 2025-yil 29-noyabr kuni Oliy sud raisi tomonidan qabul qilinib, unga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini oʻzgartirish uchun asoslar yetarli emasligi maʼlum qilingan.
“Fuqarolarning sud himoyasidan foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan boʻlib, ular Oliy sudga belgilangan protsessual tartibda erkin va toʻsiqsiz murojaat qilish imkoniyatiga egadir. Shu bois, murojaat qilish uchun noodatiy yoki xavfli harakatlarga qoʻl urishning hojati yoʻq”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Taʼkidlanishicha, Oliy sudga murojaat qilish uchun “daraxtga chiqish” kabi harakatlar talab etilmaydi va bunday usullar masalani hal etishga xizmat qilmaydi. — Aksincha, murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartib va shakllar orqali amalga oshirilishi lozim, deya eslatgan Aziz Abidov.
Shuningdek, fuqarolarga huquqiy madaniyatni yuksaltirish, murojaat qilishning qonuniy mexanizmlaridan toʻgʻri foydalanish va oʻz huquqlarini qonuniy usullar orqali himoya qilish tavsiya etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring