Samarqandda Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirayotganlar ushlandi

18:47 01 Aprel 2026 Jamiyat
387 0

Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan “Jartepa” chegara bojxona postida Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirish holati fosh etildi. Bu haqda viloyat Bojxona boshqarmasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Tojikistondan “Jartepa” chegara bojxona posti orqali Oʻzbekiston hududiga kirib kelayotgan fuqaro boshqaruvidagi “Mercedes Benz” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazilgan.

Tekshiruv jarayonida transport vositasining bagaj qismida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan, shuningdek tegishli ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan, qiymati taxminan 6 million soʻmlik 1 dona Starlink qurilmasi borligi aniqlangan. Shundan soʻng, holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati tomonidan berilgan xulosaga koʻra, mazkur orbital sunʼiy yoʻldosh aloqa qurilmasini respublika hududiga maxsus ruxsatnomalarsiz olib kirish va ishlatish mumkin emasligi tasdiqlangan.

Ayni paytda ushbu holat boʻyicha fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?