​​​​​​​Muzeyga aylanmagan xazina

17:50 01 Aprel 2026 Jamiyat
543 0

Barot aka 30 – 35-yildirki, bir odatini kanda qilmaydi. Qadimiy kitob yoki osori atiqa daragini eshitsa halovatini yoʻqotadi. Uni sotib olib kolleksiyalari qatoriga qoʻygachgina koʻngli joyiga tushadi.

– Doʻppini boshdan olib oʻylab qarasam, shu yillar davomida toʻplagan kitoblarimning soni 10 mingtadan oshibdi, – deydi Jondor tumani “Zarafshon” mahallasida yashovchi B. Safarov. – Ularning 500 dan ziyodrogʻi qadimiy kitoblar. Aksariyati oʻz tadqiqotchisini kutib turgan qoʻlyozma asarlardir. Shaxsiy kolleksiyamda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmiylar, qadimgi Xitoy davriga oid mis va kumush tangalar, koʻza, lagan, taqinchoq, shamdonlar, zardoʻzlik buyumlari, liboslar, burgut dastali qilichlar, moy chiroq, shuningdek, sibizgʻa, nay kabi oʻttizga yaqin milliy cholgʻu asboblari, hatto maqomning oltita taronasi muhrlangan Shashmaqom plastinkasi bor. Shu kabi eksponatlarimning soni 2 mingtadan oshadi.

Barot aka qadimiy qoʻlyozma asarlarni tilga oldi-yu beixtiyor kitoblarni restavratsiya qilish ustasi sanalgan Davlat Toshevning soʻzlari yodimizga tushdi.

– Niderlandiya, Shveysariya, Turkiya kabi davlatlarning nufuzli universitetlari kutubxonalarida boʻlib, qadimiy kitoblarni taʼmirlash bilan shugʻullanganman, – deydi u. – Bu maskanlarda Buxoro, Samarqand kabi shaharlarimizda mahoratli xattotlar tomonidan koʻchirilgan, zamona zayli bilan yurtimizdan olib ketilgan kitoblar koʻp. Ularni yevropalik olimu tadqiqotchilar pul va vaqt sarflab oʻrganishayotgani shohidiman. Bebaho sanalgan shu nodir kitoblar hozir yurtimiz kutubxonalari yoki muzeylarida turganida naqadar ajoyib ish boʻlur edi.

Nazarimizda, bu soʻzlar fidoyi zamondoshimiz Barot Safarovning xayrli ishi qadru qimmatini ham koʻrsatadi. Agar yurtdoshimiz qadimiy kitoblaru boy maʼnaviy merosimizdan darak beruvchi buyumlarni qishloqma qishloq, uyma-uy yurib toʻplamaganida ularning ancha-munchasi yot qoʻllarga oʻtib ketishi hech gap emasdi.

– Barot aka toʻplagan osori atiqalar, jumladan, nodir kitoblarning turgan-bitgani xazina, – deydi manbashunos Ahtam Ahmedov. – Men u kishi bilan bu mavzuda koʻp bor suhbatlashganman. Asl kasbi tovarshunos boʻlgan yurtdoshimizning kitobga mehr qoʻyganining oʻziyoq tahsinga loyiq. Qaniydi, mutasaddilar bu jonkuyar insonni qoʻllab-quvvatlashsa, uning chogʻroq muzey tashkil etishdek azaliy orzusini roʻyobga chiqarishsa...

A. Ahmedovning bu masalaga alohida toʻxtalishi bejiz emas. Gap shundaki, Barot aka shu boy kolleksiyasini uyida, aniqrogʻi, bitta xonada saqlashga majbur boʻlib kelyapti. Vaholanki, birgina kitoblarni olib qaraydigan boʻlsak, ular javondagi har polkada toʻrttagacha qoʻyilishi, xonadagi issiqlik 18 – 20 daraja boʻlmogʻi, harorat keskin oʻzgarib ketmasligi kerak. Qolaversa, yorugʻlik va namlik miqdori omili ham bor. Ularga rioya etilmasa qogʻoz mustahkamligini yoʻqotadi, sargʻayadi, elastikligiga ziyon yetadi.

– Ana shularni oʻylab, xavotirlanaman, – deydi Barot aka. – Osori atiqalarni koʻrgani yoshu qari keladi. “Bu yer uy – muzey ekan”, deyishadi. Ammo unday emas. Kitoblaru minglab qadimiy buyumlar turgan bu xona omborxona vazifasini oʻtayapti, xolos. Men bu osori atiqalardan moddiy manfaat koʻrish niyatida emasman. Faqat bir chogʻroq muzey barpo etilsa-yu, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz madaniy-maʼnaviy merosimizning bir qismi sanalgan bu kolleksiyani tomosha qilib, oʻzliklarini anglab, bilim va dunyoqarashlarini boyitishsa yaxshi boʻlardi.

Afsuski, milliy qadriyatlarimiz jonkuyari sanalgan bu insonning shu masalada qilgan murojaatlari natija bermayapti. Nahotki, Jondorda, qolaversa, viloyatda Barot Safarovning bu tashabbusi oʻgʻil-qizlarimizni ona-yurtga mehru muhabbat, ajdodlar merosiga, milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadga xizmat qilishini chuqur anglashmasa, deb oʻyga tolasan kishi.

Sirasini aytganda, Jondor – respublikamizning yirik tumanlaridan. Bu yerda 185 mingdan ziyod kishi istiqomat qilmoqda. 50 tadan ortiq maktabda 28 – 30 ming nafar atrofida oʻgʻil-qiz tahsil olayapti. Xalq qahramoni Mahmud Torobiyga beshik boʻlgan bu koʻhna goʻshada VII asrga taalluqli Varaxsha shahri, shuningdek, Shahri Islom qalʼasi, Qizbibi meʼmoriy majmuasi mavjud. Ammo nomiga boʻlsa – da bitta muzey yoʻq.

Binobarin, noyob adabiyotu osori atiqalarni kelajak avlodga ziyon-zahmatsiz begʻaraz yetkazish, yoshlarni boy tariximizdan xabardor etish maqsadini oʻz oldiga qoʻygan Barot Safarovdek jonkuyarlarni qoʻllab-quvvatlashning mavridi allaqachon keldi. Balki bu ishga xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlari deputatlari bosh qoʻshishar. Har holda xayrli ishdan hech kim oʻzini chetga olmagani maʼqul.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?