Namanganda qariyb 160 mln soʻmlik sifatsiz dori vositalari fosh qilindi

17:32 01 Aprel 2026 Jamiyat
297 0

Namangan viloyatida sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan dori vositalari toʻxtatib qolindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar doirasida Pop tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda “Fargʻona–Toshkent” yoʻnalishi boʻylab harakatlanib kelayotgan fuqaro O.T.ning boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilgan.

Aniqlanishicha, avtotransport vositasi salonida fuqaro X.X.ga tegishli boʻlgan sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan xorijda ishlab chiqarilgan umumiy bahosi 159,2 mln soʻmlik 8 turdagi 3 860 dona dori vositalarini Toshkent shahriga olib ketayotganligi aniqlanib, dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?