Yoshlar uchun yangi maydon: Toshkentda “Yoshlik bahori” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi oʻz ishini boshladi (+fotoreportaj)

17:21 01 Aprel 2026 Jamiyat
398 0

Toshkent shahrida “Yoshlik bahori” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi oʻz ishini boshladi. Mazkur forum ilk marotaba oʻtkazilayotgan boʻlib, shu yilning 1-4-aprel kunlari ham davom etadi. Ushbu tadbirga Madaniyat vazirligi tomonidan yurtimizdagi madaniyat va sanʼat sohasida taʼlim olayotgan va faoliyat olib borayotgan 14 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan 600 nafardan ortiq iqtidorli ijodkor yoshlar jalb etilmoqda.

Mazkur forumdan koʻzlangan asosiy maqsad, madaniyat va sanʼat sohasida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularning ijodiy salohiyati yanada rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish va hamkorlik muhiti yaratish hamda yoshlarni davlat miqyosidagi tadbirlarga jalb etiladigan salohiyatli kadrlar sifatida shakllantirish koʻzda tutilgan. Tadbir shunisi bilan ahamiyatliki, unda ishtirok etgan yoshlarda oʻz sohasiga boʻlgan qiziqish va masʼuliyat oshadi, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki yanada kuchayadi hamda professional ijodkor yoshlar tarmogʻi shakllanadi.

“Yoshlik bahori” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi doirasida yoshlar uchun manfaatli boʻlgan bir qator tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Amir Temur hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan qoʻshiqlar tanlovi, “Xush kayfiyat” respublika yosh askiya va qiziqchilar koʻrik- tanlovi, “Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilari festivali, “Folk party” folklor jamoalari respublika festivali, “Yosh balet ijrochilari” respublika tanlovi, yosh teatr rejissyorlari va aktyorlarining seminar-treningi, yoshlar oʻrtasida samimiy doʻstona muhit yaratish, ularning muammolariga yechim topish, takliflarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida, ochiq muloqot uchrashuvlari ham tashkil etiladi.

Rejalashtirilgan dasturlar shu bilan cheklanib qolmay, “Yosh ommaviy bayramlar rejissyorlarining mahoratini oshirish va ularning faoliyatiga koʻmaklashish” mavzusidagi seminar-trening, forum yoʻnalishlari doirasida koʻp yillik tajribaga ega ustozlar tomonidan amaliy mashgʻulotlar va mahorat darslari, taniqli shaxslar ishtirokida motivatsion sessiyalar, “Yangi Oʻzbekistonda ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning ijtimoiy-madaniy omillari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman, “Sumalak sayli” hamda yakuniy gala-konsert va taqdirlash marosimi kabi tadbirlar oʻtkazilishi ham koʻzda tutilgan.

Bugun, 1-aprel kuni poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida mazkur forumning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirni Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Ahmedov kirish soʻzi bilan ochib berdi.

U oʻz nutqi davomida mazkur forumning ahamiyatiga alohida toʻxtalib, tadbir yosh ijodkorlarning isteʼdodini yuzaga chiqarish, ularni qoʻllab-quvvatlash va zamonaviy madaniy muhitga faol jalb etishda muhim oʻrin tutishini, shuningdek, forum nafaqat tajriba almashish, balki yangi gʻoya va tashabbuslarni ilgari surish, ijodiy hamkorlikni mustahkamlash uchun ham samarali platforma ekanini taʼkidladi.

Forumning ilk kunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani, taniqli opera ijrochisi, Oʻzbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov bilan xorijda oʻzbek madaniyatini targʻib qilish yuzasidan ochiq muloqot, Oʻzbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov, vayner Akmal Mirzo bilan motivatsion sessiya hamda “Ijodkor yoshlar imiji” mavzusida seminar-trening ham oʻtkazildi. Mazkur tadbirlarda 300 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Tadbirlar yakunida, forumda qatnashgan yoshlarga “Mutolaa” va “Ibrat farzandlari” ilovasining 1-yillik “Premium” paketi sovgʻa qilindi.

Otabek SAIDAHMADOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?