Toʻrt hududda fuqarolarni “Umra” ziyoratiga yubormoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi

16:01 01 Aprel 2026 Jamiyat
270 0

Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida “Umra” ziyoratiga yuborish bilan bogʻliq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Bildirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yakkasaroy tuman boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda fuqaro R.R. fuqaro A.A.ga tanishlari yordamida “viza” hujjatlarini tayyorlab berib, “Umra” ziyoratiga yuborishi evaziga 1 650 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Shu kabi yana bir holat, Departamentning Uchtepa tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Maʼlum qilinishicha, fuqaro A.R. fuqaro M.X.ning ishonchiga kirib, unga “viza” hujjatlarini tayyorlab berib, “Umra” ziyoratiga yuborishi evaziga 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departamentning Sergeli tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.M. va boshqalar fuqaro Sh.Ya.ning ishonchiga kirib, uni Saudiya Arabistoniga borishi uchun “viza” hujjatlarini tayyorlab, “Umra” ziyoratiga yuborishi evaziga 1 250 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushgan.

Bundan tashqari, Departamentning Guliston tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan fuqaro D.B. 1 000 AQSH dollari evaziga fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborishini aytib, ushbu pullar hisobidan 900 AQSH dollari va 1,2 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?