Yangi gʻoya va innovatsiyalar uchun muhim platforma

20:45 31 Mart 2026 Jamiyat
354 0

Toshkent shahri yana bir yirik ilmiy-texnologik muloqot platformasiga mezbonlik qilmoqda. “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida “Space Technology Conference – Central Eurasia – 2026 (STC)” xalqaro konferensiyasi ish boshladi.

Markaziy Yevroosiyo hududidagi kosmik texnologiyalar tarmogʻining eng nufuzli anjumani aynan Oʻzbekistonda oʻtkazilishi bejiz emas. Bu, avvalo, mamlakatning kosmik sanoatni rivojlantirishdagi faol pozitsiyasi va yuqori salohiyatidan dalolat beradi.

Buyuk Britaniyaning “Dialogue Events” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Milliy kosmik agentligi koʻmagida tashkil etilgan anjumanda 32 davlatdan tashrif buyurgan 400 nafar delegat ishtirok etmoqda. Ular orasida Xalqaro kosmik stansiyaga amalga oshirilgan AX-3 missiyasida parvoz qilgan “Axiom Space” kompaniyasi va NASAning sobiq astronavti Maykl Lopes-Alegriya hamda Turkiyaning ilk astronavti, TUA vakili Alper Gezeravji ham bor.

— Anjuman Markaziy Yevrosiyo mintaqasida kosmik ekotizimni rivojlantirish va hududni global kosmik hamjamiyat bilan yanada yaqinlashtirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro platformadir, — deydi Xalqaro astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori, doktor Kristian Fayxtinger. — Beshinchi bor oʻtkazilayotgan ushbu tadbir mintaqa kosmik sanoati yetakchilari uchun muhim uchrashuv maydoniga aylandi. Yaʼni u global tijorat tashkilotlariga mintaqa davlatlari bilan hamkorlik oʻrnatish, biznes imkoniyatlarini oʻrganish, innovatsiyalarni namoyish etish hamda uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun qulay imkoniyatdir.

Kuzatishlar shuni koʻrsatmoqdaki, “STC – 2026” amaliy hamkorlik va investitsiyaviy aloqalarni shakllantirish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Anjumanni Ozarbayjon, Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Oʻzbekiston kabi davlatlarning milliy kosmik maʼmuriyatlari, Xalqaro elektraloqa ittifoqi, Xalqaro astronavtika federatsiyasi, RCC, Osiyo-Tinch okeani kosmik hamkorlik tashkiloti, TÜBİTAK UZAY kabi xalqaro tashkilotlar qoʻllab-quvvatlayotgani uning ahamiyatini yanada oshirmoqda.

“STC – 2026” doirasida “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar, turli muloqot va tajriba almashish tadbirlari ham oʻtkaziladi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur xalqaro anjuman Markaziy Yevroosiyoning global kosmik xaritadagi oʻrnini mustahkamlash, yangi gʻoyalar va innovatsiyalarni ilgari surish uchun muhim platformaga aylandi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?