Isroilda terrorizm uchun aybdor deb topilganlarga nisbatan oʻlim jazosi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi

11:09 31 Mart 2026 Dunyo
265 0

Isroil Knesseti (parlamenti) terrorizm uchun ayblangan shaxslarga nisbatan oʻlim jazosini nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda “Yediot axronot” nashri xabar bermoqda.

Qonun loyihasi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir boshchiligidagi oʻta oʻng qanot “Osma Yexudit” partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatladi.

Mazkur masala boʻyicha munozaralar qariyb 12 soat davom etdi. Uchinchi oʻqishda qonun uchun 62 nafar deputat ovoz berdi, 48 nafari esa qarshi chiqdi.

Hujjatga koʻra, terakt davomida qasddan odam oʻldirgan terrorchi oʻlim jazosiga hukm qilinadi. Hukm dor (osish) orqali ijro etiladi va qatl hukm chiqarilgan kundan boshlab 90 kun ichida amalga oshiriladi.

Sudya qaror chiqarishda oʻlim jazosi va umrbod qamoq jazosi oʻrtasida tanlov qilish huquqiga ega boʻladi. Iordan daryosining Gʻarbiy sohilida yashovchi va harbiy sudlar tomonidan terrorizmda aybdor deb topilganlar esa faqat oʻlim jazosiga hukm qilinadi.

The Times of Israel nashrining yozishicha, qonun amalda faqat falastinliklar uchun oʻlim jazosini belgilaydi, chunki uning taʼsir doirasiga Isroil fuqarolari yoki rezidentlari tushmaydi.

Qonunning alohida bandi sudlarga har qanday shaxsga, shu jumladan Isroil fuqarolariga ham qatl jazosini tayinlashga ruxsat beradi, biroq oʻlim hukmi faqat “Isroil davlati mavjudligini inkor etish maqsadida qasddan odam oʻldirganlarga” nisbatan chiqarilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?