“Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
Foto: OʻFA
Kecha, 30-mart kuni FIFA Series musobaqasining hal qiluvchi oʻyini boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Venesuelani magʻlubiyatga uchratdi. Oʻyindan soʻng, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Gabonga qarshi oʻyinda himoyamiz koʻplab xatolarga yoʻl qoʻygan edi. Bugungi oʻyindagi himoyachilarning harakatlariga baho berib oʻtsangiz. Umumiy ikki uchrashuvda himoya chizigʻi namoyish etgan oʻyindan qanchalik qoniqdingiz?
“Jiddiy oʻyin boʻldi. Raqibga imkoniyat bermadik. Bahsni yaxshi boshladik va raqibga har doim pressing qildik. Yakkakurashlarda gʻalaba qozondik. Bularning barchasi oson boʻlmadi. Bugun yigitlar juda yaxshi oʻyin oʻtkazishdi. Himoyachilar yolgʻiz ravishda oʻyinni yuta olishmaydi. Shuning uchun yarim himoyachilar va hujumchilar bilan birga toʻgʻri oʻynash kerak. Himoya jamoa sifatida juda yaxshi ishladik”.
— Dastlabki 15 daqiqa ichida terma jamoamiz yuqori pressingda harakat qildi. Lekin keyingi vaqtda esa jamoamizda qandaydir pasayish boʻldi. Murabbiylar shtabi qanday ishlar olib boryapti?
“Bu men uchun normal hisoblanadi. Toʻgʻri, ayrim futbolchilarni oʻzgartirishga harakat qildik. Oʻyin tempi boshqacha edi. Ularga ham bir necha marta imkoniyat berdik. Sababi, biz biroz charchagan edik. Oʻylaymanki, bizning jismoniy holatimiz yanada yaxshilanadi. Mahalliy futbolchilarimiz ichki chempionatda atigi 4 tagina oʻyin oʻtkazishdi. Ular hali mavsum yarmiga ham yetib kelmagan. Mavsum yarmiga kelgandan soʻng esa farqi oʻzingiz tomosha qilasiz”.
— Terma jamoamiz mazkur yigʻindagi ikki oʻyinda juda ham hujumkor oʻtkazdi. Lekin maydon markazida qandaydir boʻshliqlar boʻldi. Yaʼni Odilbek Hamrobekov va Otabek Shukurov biroz qiynalgandek, buni biz Jahon chempionati oldidan sxemani oʻzgartirib hal qilamizmi yoki boshqa yechim bormi?
“Oʻylashimcha, futbolchilarim yaxshi oʻyin koʻrsatishyapti. Oʻrtada agar ikki oʻyinchi qoldirsak, juda ham qiyin barcha zonalarni yopish. Bizning qanot himoyachilarimiz va vingerlarimiz birgalikda harakat qiladi. Agar biz ham ikki tayanch yarim himoyachisining oʻzini qoldiramiz desak, buning iloji qolmaydi. Aytganimdek, bugun ikki yarim himoyachimiz ham yaxshi oʻyin koʻrsatishdi”.
— MTJ JCHdan oldingi yigʻinni 5-may kuni boshlashi kutilmoqda. Aprel oyida esa Superliganing yettita tur oʻyinlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Juda zich taqvimda futbolchilarning jarohat olish ehtimoli yuqori boʻladi. Zich taqvim esa aynan sizning istagingiz va rejangiz tufayli tuzildi. Ushbu jihat sizni qanchalik xavotirga solmoqda? Masalan, soʻnggi Osiyo Kubogidan oldin koʻplab yetakchi futbolchilarimiz jarohat olib, musobaqada ishtirok eta olmagandi...
“Bu normal holat. Chempionat boshlanganida jarohatlangan futbolchilar boʻlishi odatiy hol. Biz mayda yigʻilamiz. Ikki haftalik yigʻin oʻtkazib, ikkita nazorat oʻyini oʻtkazamiz. Legioner futbolchilar ham yigʻilgandan soʻng yana bir hafta davomida mashgʻulot olib boramiz. Shu hafta davomida yana bir nazorat oʻyinini tashkil etamiz. Keyin esa Kanadaga uchib ketamiz — oʻrtoqlik oʻyinlarida ishtirok etish uchun. Ushbu vaqt davomida barchasini nazorat qilishga harakat qilaman.
Oʻyinchilarning holatini yaxshilashga intilamiz. Jarohatlar juda katta faktor. Shu sababli tibbiy shtabni yaxshiladik. Jismoniy holatimizni kuchaytirishga ham alohida eʼtibor qaratyapmiz. Jarohatlar sonini maksimal darajada kamaytirishni xohlaymiz. Futbolchilar yuqori tempda oʻynay olishiga yordam berishni maqsad qilganmiz. Agar toʻgʻri ovqatlanib, toʻgʻri mashgʻulot olib borsa, toʻgʻri uxlasa futbolchining faoliyati oʻn yil emas, oʻn besh yil davom etishi mumkin. Farq mana shunday holatlarda seziladi.
Futbolchilarga nisbatan qabul qilayotgan qarorlarim, ularning sogʻligʻiga berilayotgan ortiqcha eʼtibor baʼzi insonlarga gʻalati tuyulayotgandir. Biroq men futbolchilar haqida oʻylayapman va ular uzoq yillar davomida futbol oʻynashini koʻzlaganman. Barchaga rahmat, koʻrishguncha”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring