“Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi

21:36 29 Mart 2026 Dunyo
750 0

Bugungi kunda jahon harbiy sanoati nafaqat texnologik, balki fundamental strategik burilish nuqtasida oʻtdi. 2024-2026-yillar oraligʻidagi mojarolar, ayniqsa, Rossiya-Ukraina urushi anʼanaviy harbiy doktrinalarni butunlay yangi koʻrinishga olib keldi. Bir paytlar “yordamchi vosita” sifatida koʻrilgan dronlar endilikda jang maydonining mutlaq hukmroniga aylandi. Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi “dronlar dueli” va FPV-dronlarning ommaviy qoʻllanilishi, millionlab dollarlik tanklar va zirhli texnikalar bir necha ming dollarlik kichik apparatlar qarshisida ojiz ekanini isbotladi. Bu tajriba qurol ishlab chiqarishni ogʻir sanoatdan yuqori texnologiyali ommaviy robototexnika bosqichiga olib chiqdi.

Geosiyosiy keskinlikning yangi oʻchogʻi – Yaqin Sharqdagi soʻnggi voqealar, xususan, AQSH va Isroilning Eron hududiga toʻgʻridan-toʻgʻri zarbalari qurol sanoatida yangi davir boshlanganini koʻrsatib berdi. Eron oʻzining arzon, ammo oʻta samarali dronlar texnologiyasi orqali “assimetrik javob” strategiyasini koʻrsatib, hatto eng zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlarini ham charchatish mumkinligini isbotladi. Bu holat qurol bozorida “arzon va koʻp” tamoyilini birinchi oʻringa olib chiqdi. Shu bilan birga, urush maydonlarida sunʼiy intellektning integratsiyasi insoniyatni “algoritmik urush” davriga yetaklab kirdi. Sunʼiy intellekt endi nafaqat nishonni aniqlamoqda, balki inson aralashuvisiz qaror qabul qiluvchi avtonom tizimlarni boshqarmoqda, bu esa harbiy sanoatni butunlay raqamlashtirishni taqozo etmoqda.

Ushbu sharoitda qurol ishlab chiqarishni oʻrganish shunchaki qiziqish emas, balki kelajakdagi omon qolish strategiyasini tushunish demakdir. Nega davlatlar trillionlab dollarlarni “aqlli qurollar”ga tikmoqda? Dronlar qanday qilib iqtisodiy va harbiy balansni oʻzgartirib yubordi? Ushbu maqolada zamonaviy qurol sanoati, iqtisodiy tomonlari va ishlab chiqarish zanjiridagi eng soʻnggi oʻzgarishlarni tahlil qilamiz.

Global qurol bozori

Zamonaviy qurol bozori soʻngi yillarda tubdan oʻzgardi. Endilikda bu maydon faqatgina “eski gigantlar” oʻrtasidagi raqobat emas, balki yuqori texnologiyali va arzon yechimlar taklif qilayotgan yangi kuchlarning shaxmat taxtasiga aylandi. AQSHning “Lockheed Martin, RTX” hamon bozorning mutlaq yetakchisi boʻlib qolmoqda. 2026-yilning mart oyidagi eng yangi hisobotlarga koʻra, Vashington global qurol eksportidagi ulushini 42 foizgacha oshirgan, ayniqsa, Yevropaga yetkazib berish hajmi 217 foizga oʻsgan. Rossiya esa, aksincha, Ukraina urushi va sanksiyalar sababli oʻzining anʼanaviy bozorlarini boy bermoqda, bu esa Fransiyaning ikkinchi oʻringa chiqib olishiga yoʻl ochdi.

Bozordagi eng katta “portlash” Turkiya va Janubiy Koreyaning muvaffaqiyatga erishganidir. Turkiyaning “Baykar” kompaniyasi 2025-yilda 2.2 mlrd dollarlik eksport bilan dunyoda uchuvchisiz uchish apparatlari boʻyicha mutlaq liderga aylandi. Uning “TB2” va “Akinci” dronlari 37 dan ortiq davlatning arsenalidan joy oldi. Janubiy Koreya esa “tezkor va sifatli” tamoyili asosida Polsha va boshqa NATO davlatlariga K2 tanklari va K9 gaubitsalarini yetkazib berib, 2025-yilda 15 mlrd dollarlik eksport marrasini bosib oʻtdi va dunyoning kuchli oʻntaligiga mustahkam oʻrnashdi. Ukraina va Eron mojarosi bugungi kunda shunchaki urush oʻchoqlari emas, balki eng yangi qurollarning global sinov poligonlariga aylandi. 2026-yilgi voqeliklar shuni koʻrsatdiki, Eron oʻzining Shahed seriyasidagi arzon “kamikadze” dronlari bilan dunyo mudofaa sanoatiga “yangi nafas” olib keldi. Endilikda millionlab dollarlik Gʻarb tizimlarini ming dollarlik dronlar bilan charchatish strategiyasi global talabga ega boʻldi. Ukraina esa dunyodagi eng yirik qurol importyoriga aylanib, Gʻarb texnologiyalarining sunʼiy intellekt bilan integratsiyasini real jang maydonida isbotlab beruvchi asosiy platforma boʻlib xizmat qilmoqda.

Ishlab chiqarishdagi inqilob

Zamonaviy qurol sanoati 2025-2026-yillarda kutilmagan iqtisodiy paradoksga duch keldi. “Masshtab effekti” endi gigant samolyotlar yoki kemalar foydasiga emas, balki kichik va ommaviy ishlab chiqariladigan dronlar foydasiga ishlamoqda. Agar ilgari bir dona F-35 qiruvchi samolyotini ishlab chiqarish taxminan 80-100 mln dollarga tushgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu mablagʻ evaziga 20 000 dan ortiq yuqori aniqlikdagi FPV-dronlarni ishlab chiqarish mumkin. Bu “arzon va koʻp” tamoyili ishlab chiqarish zanjirlarini murakkab muhandislik zavodlaridan oddiyroq, lekin yuqori tezlikda ishlovchi robotlashtirilgan liniyalarga koʻchirdi.

Ushbu iqtisodiy burilishning eng yorqin namunasi “Dron toʻdalari” konsepsiyasidir. 2026-yilga kelib, AQSHning “Replicator” dasturi va Xitoyning shunga oʻxshash loyihalari minglab arzon apparatlarni bir vaqtning oʻzida, yagona sunʼiy intellekt tarmogʻi orqali boshqarishni yoʻlga qoʻydi. Bunday tizimlarning iqtisodiy jozibadorligi shundaki, ularni yoʻq qilish dushman uchun oʻzini himoya qilishdan koʻra qimmatroqqa tushadi. Masalan, bitta “kamikadze” dronni urib tushirish uchun ishlatiladigan patriot raketasining narxi 4 mln dollar atrofida sarflanadi, dronning oʻzi esa bor-yoʻgʻi 2 000 – 20 000 dollar turadi. Bu qurol sanoatida “iqtisodiy charchatish” strategiyasini keltirib chiqardi.

Ishlab chiqarish logistikasi ham tubdan oʻzgardi. 2026-yilgi real voqeliklar shuni koʻrsatadiki, endilikda qurol zavodlari uchun 3D-printerlar va maishiy elektronika komponentlari eng muhim resursga aylandi. Rossiya va Eronning tajribasi shuni isbotladiki, hatto qattiq sanksiyalar ostida ham xalqaro bozordagi ochiq komponentlardan foydalanib, yirik hajmdagi dronlarni yigʻish mumkin. Bu esa qurol ishlab chiqarishni “yopiq va maxfiy” sohadan “yarim ochiq va global” texnologik tarmoqqa aylantirdi.

“Algoritmik urush”

2026-yilga kelib, qurol ishlab chiqarish sanoatida eng qimmatli resurs poʻlat yoki porox emas, balki sunʼiy intellekt algoritmlari va ularni harakatlantiruvchi yuqori unumdor chiplarga aylandi. “Algoritmik urush” tushunchasi endi nazariya emas, balki real jangovar harakatlarning asosi hisoblanadi. AQSHning “Palantir” va “nduril Industries” kabi kompaniyalari anʼanaviy mudofaa gigantlarini ortda qoldirib, jang maydonini real vaqt rejimida tahlil qiluvchi va nishonlarni inson aralashuvisiz aniqlovchi tizimlarni taklif qilmoqda. Ushbu sohadagi eng katta burilish avtonom nishon aniqlash va zarba berish tizimlarining ommalashuvidir. 2025-yildan boshlab Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolarda qoʻllanilayotgan dronlar “kompyuter koʻrishi” texnologiyasi bilan jihozlandi. Bu texnologiya dushman radioelektron kurash vositalari orqali dronning operator bilan aloqasini uzib qoʻygan taqdirda ham, dronning oʻzi nishonni tanib olishi va mustaqil ravishda urib tushishini taʼminlaydi. Yaʼni, “inson nazoratidan tashqaridagi” qurollar davri amalda boshlandi.

Sunʼiy intellekt nafaqat hujumda, balki ishlab chiqarish va logistikada ham inqilob yasadi. Zamonaviy qurol zavodlarida SI yordamida “Raqamli egizaklar” texnologiyasi qoʻllanilmoqda. Bu orqali yangi turdagi raketa yoki samolyotning jangovar imkoniyatlari hali u zavod konveyeriga chiqmasdan turib, virtual simulyatsiyalarda millionlab marta sinovdan oʻtkaziladi. Bu esa qurol yaratish vaqtini 10-yildan 1-2-yilgacha qisqartiradi. 2026-yilgi statistikaga koʻra, Pentagon oʻzining cunʼiy intellekt loyihalari uchun byudjetni 3.5 mlrd dollardan oshirdi, bu esa dasturchilarning harbiy sanoatdagi roli muhandislardan koʻra muhimroq boʻlib qolganini anglatadi.

Zamonaviy xavf

2026-yilga kelib, qurol ishlab chiqarish sanoatidagi eng zaif va shu bilan birga eng muhim nuqta yarim oʻtkazgichlar taʼminoti ekani uzil-kesil oydinlashdi. Agar XX asrda urushlar neft va poʻlat uchun boʻlgan boʻlsa, XXI asrning uchinchi oʻn yilligida qudratli davlatlar nanometrli chiplar nazorati uchun kurashmoqda. Zamonaviy gipersovut raketasi, F-35 qiruvchisi yoki cunʼiy intellekt bilan ishlaydigan dron mikrosxemalarsiz shunchaki metall uyumidir. Shu sababli, AQSH va Xitoy oʻrtasidagi “texnologik sovuq urush” qurol ishlab chiqarish zanjirini ikki lagerga ajratib tashladi.

Ushbu “chip urushi” qurol sanoatida kutilmagan taqchilliklarni yuzaga keltirdi. Masalan, Tayvanning TSMC zavodi dunyodagi eng ilgʻor harbiy chiplarning 90 foizdan ortigʻini ishlab chiqaradi, bu esa orolni global xavfsizlikning “markaziy nervi”ga aylantirdi. 2025-2026-yillardagi tahlillarga koʻra, Xitoy oʻzining harbiy-sanoat kompleksini Gʻarb texnologiyalaridan mustaqil qilish uchun trillionlab yuan ajratgan boʻlsa, AQSH “CHIPS Act” orqali harbiy maqsadlar uchun moʻljallangan mikrosxemalarni faqat oʻz hududida ishlab chiqarishni qatʼiy talab qila boshladi.

Qiziq jihati, sanksiyalar ostidagi davlatlarning bu vaziyatdan chiqish yoʻllaridir. 2026-yilgi razvedka hisobotlarida aytilishicha, bu davlatlar qurol ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan chiplarni “qora bozorlar” va uchinchi davlatlardagi vositachilar orqali, hatto oddiy kir yuvish mashinalari yoki maishiy texnika vositalaridan ajratib olish orqali taʼminlamoqda. Bu esa zamonaviy qurol sanoati naqadar global va nazorat qilish qiyin boʻlgan zanjirga aylanganini koʻrsatadi. Bugungi kunda bitta raketani yigʻish uchun komponentlar 20 dan ortiq davlatdan oʻtishi mumkin, bu esa “qurol suvereniteti” tushunchasini butunlay shubhaga ostiga qoʻyadi.

Kelajak faqat algoritmlar qoʻlidami?

2026-yilga kelib, qurol ishlab chiqarish sanoati axloqiy va huquqiy jarlik yoqasiga kelib qoldi. “Oʻldiruvchi avtonom qurol tizimlari”, xalqaro tilda “Killer robots” deb ataluvchi texnologiyalar endi ilmiy-fantastika emas, balki kundalik harbiy voqelikdir. Eng katta muammo shundaki, agar sunʼiy intellekt algoritmi xato qilib, tinch aholini nishonga olsa, kim javobgar boʻladi? Dasturchimi, harbiymi yoki algoritmni sotgan kompaniyami? BMTning 2026-yilgi Jeneva konferensiyasida ushbu “masʼuliyat defitsiti” masalasi markaziy mavzuga aylandi, biroq yirik davlatlar oʻz texnologik ustunligini cheklashni istamay, hali ham aniq konvensiyani imzolashdan bosh tortmoqda.

Kelajak bashoratlari shuni koʻrsatmoqdaki, 2030-yilga borib anʼanaviy “askarlar jangi” butunlay oʻz oʻrnini masofaviy va raqamli toʻqnashuvlarga boʻshatib berishi mumkin. Harbiy sanoat endilikda “elektron urush” va kiberhujumlarni qurol ishlab chiqarishning ajralmas qismi sifatida koʻrmoqda. Gʻalaba qozonish uchun dushmanning tanklarini portlatish shart boʻlmaydi, uning qurollarini boshqaruvchi algoritmlarni “buzib kirish” yoki sunʼiy yoʻldosh aloqasini oʻchirish kifoya qiladi. Bu esa dunyo iqtisodiyotini “kiber-mudofaa” poygasiga ulab qoʻyadi va harbiy byudjetlarning asosiy qismi jismoniy qurolga emas, balki kod va maʼlumotlar xavfsizligiga yoʻnaltiriladi.

Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?