“Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida

20:39 29 Mart 2026 Jamiyat
669 0

Bugungi kunga kelib, yoshlar orasida energetik ichimliklar isteʼmoli ortib borayotgani hech kimga sir emas. Transport bekatlarida, bogʻlarda, ish va oʻqish hududlarida aynan shunday “yaltiroq banka” koʻtargan yoshlarni tez-tez uchratish mumkin. Ular uchun bu ichimliklar tezda tetiklashish, charchoqni yengish va diqqatni jamlashning oson yoʻli sifatida qabul qilinayotgani ham bor gap. Reklama va ijtimoiy muhit ham bu mahsulotlarni zamonaviy hayot tarzi, faol va sergʻayrat inson obrazining ajralmas qismi sifatida koʻrsatib kelmoqda.

“Tezkor energiya” hissini beruvchi ushbu mahsulotlar aslida inson tanasining tabiiy jarayonlariga qanday taʼsir koʻrsatishi bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Mazkur maqolada energetik ichimliklarning tarkibi, ularning organizmga taʼsiri hamda uzoq muddatli isteʼmol bilan bogʻliq ehtimoliy oqibatlariga toʻxtalib oʻtamiz.

Maʼlumki, tabiiy energiya olish uchun toʻgʻri ovqatlanish, 8 soatlik uyqu va jismoniy faollik zarur boʻladi. Energetik ichimliklar esa 10 daqiqada dofamin va adrenalinni keskin koʻtarib, miyaga “soxta gʻalaba” signalini beradi. Isteʼmolchi his qilayotgan oʻsha “kuch” bu tashqaridan kelgan energiya emas, balki ichki aʼzolarimizning zoʻriqib, saqlab qoʻyilgan zaxira energiyasi sarflashidir.

“Kimyoviy quvvat” tarkibidagi ingrediyentlar

Energetik ichimlik bankasini ochganingizda, siz shunchaki shirin gazlangan suvni emas, balki organizmingizning ichki laboratoriyasini ostin-ustun qilib yuboruvchi “kimyoviy xavf”ni ishga tushirasiz. Bu laboratoriyaning asosiy elementlari kofein, taurin va shakar alohida olinganda unchalik qoʻrqinchli tuyulmasligi mumkin, biroq ularning bir nuqtada jamlanishi haqiqiy “molekulyar boʻron”ni keltirib chiqaradi.

Ushbu “sehrli” aralashmaning birinchi va eng asosiy zarba beruvchi kuchi bu kofeinning otning dozasiga teng miqdoridir. Bir banka shunday ichimlikda 2-3 finjon achchiq qahva miqdoridagi kofein boʻladi. Farqi shundaki, energetik tarkibidagi kofein qon tomirlariga bir lahzada yopirilib kiradi. Bu esa yurakni xuddi marafonda yugurayotgan sportchidek urishga majbur qiladi. Yurak mushaklari bunday asossiz zoʻriqishdan charchaydi, qon tomirlari esa doimiy bosim ostida oʻz elastikligini yoʻqota boshlaydi.

Bir banka energetikda oʻrtacha 10-12 choy qoshiq shakar mavjud boʻladi. Inson oddiy choyga ushbu hajmdagi shakarni aralashtirib isteʼmol qila olmaydi. Bu miqdordagi shakar qonga tushishi bilan meʼda osti bezi “favqulodda holat” rejimiga oʻtadi va katta miqdorda insulin ishlab chiqara boshlaydi. Bu jarayonning muntazam takrorlanishi nafaqat ortiqcha vaznga, balki hujayralarning insulinga boʻlgan sezgirligini oʻldirib, qandli diabetning shakllanishiga zamin yaratadi.

Aralashmadagi taurin va B guruh vitaminlarining oʻta yuqori dozasi esa asab tizimini “shok” holatiga tushiradi. Garchi bu moddalar organizm uchun foydali deb taʼriflansada, ularning energetikdagi konsentratsiyasi tabiiy meʼyordan oʻnlab marta koʻpdir. Bu xuddi xonani yoritish uchun bitta lampochka oʻrniga projektor yoqishdek gap. Yorugʻlik koʻp, lekin koʻzlar qamashib, asablar qaqshab ketadi. Natijada, miya haddan tashqari qoʻzgʻalish holatiga keladi, bu esa vaqt oʻtishi bilan asabiylik, qoʻllarning qaltirashi va surunkali uyqusizlikka sabab boʻladi.

Eng yomoni, bu moddalar bir-birining salbiy taʼsirini kuchaytiradi. Kofein yurakni urishga majburlasa, taurin bu jarayonni yanada agressivlashtiradi. Shakar esa butun tizimni “yonib ketish” darajasiga olib keladi. Isteʼmolchi “quvvat olyapman” deb oʻylagan lahzalarda, aslida ichki aʼzolarimiz bu kimyoviy hujumdan omon qolish uchun kurashayotgan boʻladi.

Yurak-qon tomir tizimida sunʼiy bosim va ritm buzilishi

Energetik ichimliklarning yurak-qon tomir tizimiga taʼsiri tahlil qilganda, koʻpchilik buni shunchaki vaqtinchalik “yurak tez urishi” deb oʻylaydi, biroq jarayon tibbiy jihatdan ancha murakkab va xavfli mexanizmlarni oʻz ichiga oladi. Yurak bu shunchaki qon haydaydigan nasos emas, u oʻzining nozik sozlangan elektr tizimiga ega boʻlgan jonli mexanizmdir. Har bir urish maʼlum bir vaqt oraligʻida sodir boʻladigan elektr impulsi boʻlib, tibbiyotda bu jarayonning eng muhim koʻrsatkichlaridan biri “QT interval” deb ataladi.

Bu interval yurak qorinchalarining qisqarishi va keyingi urish uchun qayta quvvatlanishi orasidagi vaqt oraligʻidir. Energetik ichimlik tarkibidagi yuqori dozali kofein va taurin aralashmasi mana shu nozik muvozanatga toʻgʻridan-toʻgʻri zarba beradi. “American Heart Association” tadqiqotlariga koʻra, ushbu ichimliklar “QT interval”ning asossiz ravishda uzayishiga sabab boʻladi. Bu shuni anglatadiki, yurak mushaklari hali toʻliq dam olib, oʻziga kelib ulgurmasidan, navbatdagi kuchli elektr impulsi beriladi. Natijada yurak ritmi chalkashib ketadi va bu holat tibbiyotda “Aritmiya” deb ataluvchi jiddiy buzilishga, ogʻir holatlarda esa yurakning toʻsatdan toʻxtab qolishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, energetik isteʼmol qilinganidan soʻng 30-60 daqiqa ichida organizmdagi stress uchun javob beruvchi simpatik asab tizimi “jangovar holat”ga oʻtadi. Bu jarayon ikki tomonlama zarba bilan kechadi. Birinchidan, yurak urish tezligi daqiqasiga 100 tadan oshib ketadi (taxikardiya), Ikkinchidan, qon tomirlari torayib, qon bosimi keskin koʻtariladi.

Tasavvur qiling, siz tinchgina kursida oʻtirgan boʻlsangiz ham, yuragingiz goʻyoki ogʻir yuk bilan tik tepalikka yugurayotgandek zoʻriqib ishlaydi. Bunday sunʼiy zoʻriqish yurak mushaklarini muddatidan avval “yeyilishiga” va charchashiga sabab boʻladi. Eng xavflisi shundaki, tadqiqotlari ushbu oʻzgarishlar hatto mutlaqo sogʻlom yoshlarda ham birgina banka ichimlikdan soʻng kuzatilishini va taʼsiri bir necha soat davom etishini isbotlagan.

Asab tizimi: аdenozin blokadasi va neyronal toliqish

Energetik ichimliklarning asab tizimiga taʼsirini tahlil qilar ekanmiz, biz koʻpincha “miya uygʻonishi” haqida gapiramiz, biroq aslida bu jarayon tibbiy jihatdan miyani aldash va neyronlarni charchatish mexanizmidir. Inson miyasi kun davomida ishlagan sari unda maxsus modda “аdenozin” toʻplanib boradi. Adenozin bu tananing tabiiy “uyqu dori”si boʻlib, u miyadagi retseptorlarga birikkanda, bizga charchoq signalini beradi va dam olish vaqti kelganini bildiradi. Bu tizim organizmni oʻta zoʻriqishdan himoya qiluvchi eng mukammal xavfsizlik tizimidir.

Energetik ichimlik tarkibidagi yuqori dozali kofein esa miyaga kirishi bilan mana shu adenozin retseptorlarini “oʻgʻirlab” qoʻyadi. Kofein molekulalari adenozin oʻrniga retseptorlarga yopishib oladi va miyaga boradigan “men charchadim” degan signalni toʻsib qoʻyadi. Natijada, miya charchaganini anglamaydi va oʻzini soxta tetiklik holatida his qiladi. Miya dam olish oʻrniga oʻzining oxirgi neyronal quvvatini sarflashda davom etadi, bu esa asab hujayralarining oʻta toliqishiga olib keladi.

“World Health Organization” hisobotlarida taʼkidlanishicha, bu kabi sunʼiy qoʻzgʻalishning oqibatlari juda ogʻir kechadi. Ichimlikning taʼsiri tugashi bilan bloklangan adenozin molekulalari bir vaqtning oʻzida retseptorlarga yopiriladi va inson kutilmagan, keskin charchoq “zarbasi”ni qabul qiladi. Bu jarayon organizmda kuchli tushkunlik, asabiylik va diqqatni jamlay olmaslik kabi neyro-psixologik buzilishlarni keltirib chiqaradi. Doimiy ravishda miyani bunday aldash usuli bilan ishlashga majburlash vaqt oʻtishi bilan surunkali uyqusizlikka va asab tizimining tabiiy qayta tiklanish qobiliyati yoʻqolishiga sabab boʻladi.

Insulin qarshiligi va gormonal zoʻriqish

Energetik ichimliklarning organizmga beradigan navbatdagi zarbasi bu ichki modda almashinuvi tizimining izdan chiqishidir. Biz koʻpincha energetikni shunchaki “shirin ichimlik” deb qabul qilamiz, biroq uning tarkibidagi ulkan miqdordagi shakar va kimyoviy qoʻshimchalar tanamizning asosiy gormonal muvozanatiga haqiqiy “metabolik zarba” beradi. “Journal of the American Medical Association” tadqiqotlari shuni tasdiqlaydiki, energetik ichimliklarni muntazam isteʼmol qilish hujayralarning insulinga boʻlgan sezgirligini oʻldiradi. Natijada tana qandni qayta ishlay olmaydigan holatga keladi, bu esa 2-tur qandli diabet kasalligiga boradigan eng qisqa va toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻldir.

Metabolik inqiroz faqat shakar bilan cheklanib qolmaydi. U butun gormonal tizimni zoʻriqtiradi. Energetik ichilgan zahoti buyrak usti bezlari stress gormonlari boʻlmish adrenalin va kortizolni haddan tashqari koʻp miqdorda ishlab chiqara boshlaydi. Tibbiy jihatdan bu holat organizmning “falokat” yoki “jang” holatiga beradigan javob reaksiyasidir. Muammo shundaki, tanamiz doimiy ravishda bunday gormonal “hujum” ostida yashashga moslashmagan. Kortizol miqdorining sunʼiy ravishda baland boʻlishi immunitet tizimini falaj qiladi, organizmning tabiiy himoya qobiliyatini susaytiradi va insonni har qanday infeksiyaga qarshi himoyasiz qoldiradi.

Kimyoviy qaramlikni qanday yengish mumkin?

Energetik ichimliklarni muntazam isteʼmol qiladigan insonlar uchun ulardan voz kechish shunchaki odatni tark etish emas, balki organizmdagi jiddiy neyrokimyoviy bogʻliqlikni uzish demakdir. Agar siz bu “kimyoviy qamchi”dan qutulishga qaror qilgan boʻlsangiz, buni quyidagi ilmiy asoslangan bosqichlar orqali amalga oshirishingiz tavsiya etiladi:

Dozani asta-sekin kamaytirish. “Zina” usuli kofein qaramligini birdaniga toʻxtatish miyada kuchli gormonal “shok” hosil qiladi. “Johns Hopkins Medicine” tadqiqotlariga koʻra, kofeinni keskin tashlash “abstinensiya sindromi”ga, yaʼni kuchli bosh ogʻrigʻi, tajovuzkorlik va lanjlikka olib keladi. Buning oldini olish uchun “zina” usulidan foydalanish kerak boʻladi. Masalan, agar kuniga ikki banka ichsangiz, bir hafta davomida uni bittaga tushiring, keyingi hafta esa faqat kunora ichishga oʻting. Bu usul miyangizdagi adenozin retseptorlarining sekin-asta, ogʻriqsiz oʻz holiga qaytishiga imkon beradi.

Suv va mineral balansini tiklash. Energetiklar peshob haydovchi xususiyatga ega boʻlib, tanani suvsizlantiradi va hayotiy muhim minerallarni yuvib yuboradi. Koʻpincha biz his qiladigan charchoqning 70 foiz sababi aynan mana shu suvsizlanishdir. Shuning uchun energetik oʻrniga tarkibida magniy va kaliy boʻlgan mineral suvlar ichishni boshlash zarur. Magniy asab tizimini tinchlantiradi va ichimlikni tashlash jarayonidagi “asabiylik”ni sezilarli darajada pasaytiradi.

Miyani tabiiy dofamin bilan ragʻbatlantirish. Miya energetikni “tezkor mukofot” sifatida koʻrishga oʻrganadi. Bu zanjirni uzish uchun sizga tabiiy dofamin kerak boʻladi. Energetik ichgingiz kelgan lahzada 5-10 daqiqa tez yurish yoki oddiy jismoniy mashqlarni bajarish tavsiya etiladi. “Harvard Health” tadqiqotlariga koʻra, jismoniy faollik qon aylanishini yaxshilab, miyaga tabiiy kislorod yetkazib beradi. Bu esa kofein beradigan soxta tetiklikdan koʻra uzoqroq va xavfsizroq davom etadi.

Vitaminlar va uyqu siklini qayta tiklash. Energetiklardagi vitaminlar sunʼiy va oʻta yuqori dozada boʻladi. Ulardan voz kechishda shifokor bilan maslahatlashgan holda tabiiy B-vitaminlari kompleksiga yoki ushbu vitaminlarga boy mahsulotlarga oʻtish asab tizimini tiklanishiga yordam beradi. Eng muhimi tanangizga uzoq vaqtli uyqu uchun imkoniyat bering. Energetikni tashlashning ilk kunlaridagi kuchli uyquchanlik miyangiz kofein bloklagan “chiqindilardan” tozalanayotganidan dalolat beruvchi ijobiy belgidir.

Tibbiyot mutaxassislarining taʼkidlashicha, energetik ichimliklar sizni bir lahzada yiqitmasligi mumkin, biroq ular tanangizni ich-ichidan, asta-sekinlik bilan yemirib boradi. Bugun olingan soxta tetiklikning badali ertaga surunkali kasalliklar, charchoq va sogʻliqning boy berilishi bilan toʻlanishi mumkin. Tabiiy uyqu, toʻgʻri ovqatlanish va oʻz vaqtida dam olish — bu hech qanday pulga sotib olib boʻlmaydigan, lekin bizni haqiqatdan ham kuchli qiladigan yagona manbalardir.

Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?