“Oʻn yillikdagi eng katta zarba”: mutaxassislar Erondagi mojaroning iqtisodiy oqibatlari haqida ogohlantirmoqda

14:19 29 Mart 2026 Iqtisodiyot
482 0

Yaqin Sharqdagi keskinlik global iqtisodiyotiga yangi xavflarni olib kelmoqda. Bu haqida BILD nashri maʼlumot berdi.

Unda aytilishicha, soʻnggi haftalarda neft va gaz narxlarining keskin oʻsishi isteʼmolchilar xarajatlarini sezilarli darajada oshirib, jahon bozorlarida beqarorlikni kuchaytirmoqda.

27-mart kuni “S&P 500” indeksi ketma-ket besh haftalik pasayishlardan soʻng yana bir bor narxlardagi oʻsishni qayd etdi. Maʼlumotlarga koʻra, Yevropa va Osiyoda energiya narxlarining oʻsishi allaqachon qiyin ahvolda boʻlgan iqtisodiyotlarga qoʻshimcha bosim yuklamoqda.

Amerikalik iqtisodchi va Garvard universiteti professori Kennet Rogoff BILD nashriga bergan intervyusida bu holat global iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishini maʼlum qildi.

“Savdo urushi va Ukrainada davom etayotgan mojaro, shuningdek, Eron bilan ehtimoliy uzoq muddatli urush soʻnggi besh-oʻn yillikda global iqtisodiyotga eng katta zarba boʻlishi mumkin”, — deydi iqtisodchi.

Global fond bozorlaridagi juma kungi pasayish Eronning urushdan keyin Hurmuz boʻgʻozi ustidan toʻliq nazorat oʻrnatish haqidagi bayonotlari fonida yuz bergan. Shundan soʻng, Brent turidagi xom neft narxi yana bir bor barreli uchun 100 dollardan oshib ketgan.

Vashingtondagi Jorjtaun universiteti siyosatshunosi Maykl Beyli AQSH prezidenti Donald Trampning Eronga nisbatan siyosiy qarorlari katta iqtisodiy yoʻqotishlarga sabab boʻlayotganini taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, foyda koʻrayotganlar soni juda kam boʻlib, ularning daromadlarini oldindan bashorat qilib boʻlmaydi. Agar benzin, oʻgʻit va boshqa zarur mahsulotlar narxi oʻsishda davom etsa, bu holat Tramp tarafdorlari orasida ham norozilik kayfiyatini kuchaytirishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, Yaqin Sharqdagi har qanday yangi qurolli mojaro jahon iqtisodiyoti uchun yanada jiddiy sinovlarga sabab boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?