Berlinda Navroʻz: Yangi Oʻzbekiston madaniyatining jahon sahnasidagi munosib taqdimoti

22:32 28 Mart 2026 Madaniyat
676 0

Humboldt Forumda Navroʻz bayramining keng koʻlamda nishonlanishi Oʻzbekiston madaniyatining xalqaro maydondagi nufuzi va jozibasini yana bir bor namoyon etdi. Mazkur tadbir Germaniya poytaxti Berlin tarixida ilk bor bunday yuqori darajada va keng qamrovda tashkil etilgan Navroʻz bayrami yirik madaniy loyihalardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

Tadbirda Oʻzbekiston madaniyatini va sanʼatini Berlinda roʻyxatdan oʻtgan Sanʼat-Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V. jamiyati orqali yuqori darajada taqdim etdi. Mazkur jamiyat xorijda yurtimizni milliy madaniyatni targʻib etish, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash va Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga xizmat qilayotgan nufuzli platforma hisoblanadi.

Jamiyat oʻz faoliyatida Oʻzbekistonning boy madaniy merosini asrab-avaylash va jahonga tanitish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, xorijdagi oʻzbekistonlik ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, xalqaro madaniy loyihalar va festivallarni amalga oshirish, ilm va taʼlim sohasida hamkorlikni kuchaytirish kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Yuksak darajadagi tashkilotchilik va strategik yondashuv

Tadbir tashabbuskori, jamiyat asoschisi, festival ham-kuratori va oʻzbek tomoni dasturi muallifi sanʼatshunos Zuhra Rahmatova tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiya Oʻzbekiston madaniyatini chuqur, mazmunli va zamonaviy yondashuv asosida namoyon etish imkonini berdi.

“Ushbu loyihaning asosiy maqsadi — Oʻzbekiston madaniyatini munosib tarzda namoyon etish va mamlakatimiz haqida toʻgʻri tasavvurni shakllantirish edi. Amaliy jarayonda shuni angladikki, zamonaviy Oʻzbekiston hayoti va madaniyati haqida toʻliq maʼlumot har doim ham mavjud emas. Shuning uchun biz Yangi Oʻzbekistonni — oʻz anʼanalarini asrab qolgan, bir vaqtning oʻzida tinch, barqaror, xavfsiz va ochiq davlat sifatida koʻrsatishni maqsad qildik. Bizning madaniyatimiz — bu tirik madaniyat. U avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan, bugungi kunda ham yashab turgan va jamiyat hayotida muhim oʻrin tutayotgan qadriyatlar majmuasidir”, — deydi Zuhra Rahmatova.

Yangi Oʻzbekiston uchun katta yutuq

Dastlab karnay va surnay sadolari ostida bayramning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Milliy raqslar va xalq qoʻshiqlari, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi sozandalari va xonanda Dilfuza Qobilova ishtirokida jonli musiqiy dastur taqdim etildi. Mashhur “Bahor” ansamblining raqqosasi Malika Haydarova tomonidan oʻzbek raqslari boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi. Bolalar va oilalar uchun varrak yasash, jamalak soch oʻrish va gulchambar tayyorlash kabi amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi. Milliy taomlar, jumladan palov va somsa, hunarmandchilik buyumlari, kashtalar va bezaklar bilan boyitilgan art-bozor esa tadbirga oʻziga xos milliy muhit baxsh etdi.

Barcha ishtirokchilar milliy liboslarda qatnashib, Humboldt Forum hududida haqiqiy oʻzbekona bayram, bahoriy kayfiyat yaratildi.

Tadbir yuksak saviyada tashkil etilgani turli millat vakillari tomonidan alohida eʼtirof etildi. Nemislar, turklar, ozarbayjonlar, ukrainlar, afgʻonlar va boshqa xalqlar vakillari ushbu bayramdan katta taassurot olganliklarini bildirdilar.

Ayniqsa, karnay va surnay sadolari ostidagi ochilish marosimi mehmonlarda kuchli emotsional taassurot qoldirib, tadbirning oʻziga xos ramziga aylandi. Tadbir kunida Humboldt Forumga 9000 nafardan ortiq tashrif buyuruvchilar kelgani qayd etildi. Bu koʻrsatkich mazkur maskan tarixidagi eng yuqori natijalardan biri sifatida baholanmoqda.

“Bizning eng asosiy vazifalarimizdan — har bir mehmon ushbu tadbirdan yaxshi kayfiyat, mehr va quvonch bilan qaytishi edi. Biz buni mehmonlarning munosabati va samimiy fikrlarida yaqqol koʻrdik. Bu — nafaqat jamiyatimiz, balki butun Oʻzbekiston uchun katta yutuq. Bu orqali mamlakatimiz haqida ijobiy tasavvur shakllanadi”, — deydi Zuhra Rahmatova.

Berlinda oʻtkazilgan mazkur Navroʻz tadbiri Oʻzbekiston madaniyatining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlab, mamlakatimizning zamonaviy, tinch va barqaror davlat sifatidagi imijini keng targʻib etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?