Jeffri Epshteynning qurbonlari maʼlumotlar oshkor etilgani sababli AQSH Adliya vazirligini sudga berdi
Moliyachi Jeffri Epshteynning bir guruh qurbonlari AQSH Adliya vazirligi va Google kompaniyasiga qarshi jamoaviy daʼvo qoʻzgʻatdi, deb xabar bermoqda NBC News.
Daʼvo arizasida qayd etilishicha, Epshteyn ishi boʻyicha fayllarni eʼlon qilishda hukumat ongli ravishda jabrlanuvchilarning shaxsiy hayotini himoya qilishdan koʻra, maʼlumotlarni tez va keng miqyosda oshkor etishga ustuvorlik bergan. Natijada, Adliya vazirligi moliyachining yuzga yaqin qurbonlari shaxsini ochiqlab, ularning shaxsiy maʼlumotlarini butun dunyoga maʼlum qilgan.
Garchi keyinchalik hukumat ommaviy fayllardan shaxsiy maʼlumotlarni oʻchirib tashlagan boʻlsa-da, daʼvogarlarning taʼkidlashicha, Google kabi onlayn resurslar jabrlanuvchilarning oʻchirish haqidagi iltimoslarini eʼtiborsiz qoldirib, ularni qayta eʼlon qilishda davom etmoqda. Jabrlanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlari haligacha qidiruv natijalarida va sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan kontentlarda koʻrinmoqda.
— Qurbonlar endi yangi ruhiy jarohatlarga (travma) duch kelishmoqda. Notanish kimsalar ularga qoʻngʻiroq qilmoqda, elektron pochta orqali xat yozib, jismoniy xavfsizligiga tahdid solmoqda va ularni aslida jabrlanuvchi boʻlishsa-da, Epshteyn bilan til biriktirganlikda ayblamoqda, — deb yozadi NBC News.
Jabrlanganlar Adliya vazirligidan har bir kishi uchun eng kam miqdorda — 1 ming dollar tovon puli, Google kompaniyasidan esa jazolash va kelgusida bunday holatlarni oldini olish uchun yetarli miqdorda jarima sanksiyalarini talab qilishmoqda. Shuningdek, daʼvogarlar suddan Google zimmasiga ularning shaxsiy maʼlumotlarini zudlik bilan va butunlay oʻchirib tashlash majburiyatini yuklashni soʻragan.
Maʼlumot uchun: Jeffri Epshteyn 2019-yil iyul oyida qoʻlga olingan edi. Oʻshanda prokuratura u 2002–2005-yillarda Manxettendagi uyiga oʻnlab voyaga yetmagan qizlarning tashrifini tashkil qilgani haqida dalillar borligini bildirgan. Epshteynning doʻstlari va tanishlari davrasiga nafaqat AQSH, balki koʻplab boshqa davlatlarning amaldagi va isteʼfodagi rasmiy shaxslari, jumladan, sobiq davlat rahbarlari, yirik tadbirkorlar va shou-biznes yulduzlari kirgan. 2019-yil 10-avgustda moliyachining qamoqxona kamerasida oʻz joniga qasd qilishidan soʻng, unga nisbatan jinoiy taʼqib toʻxtatilgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring