“Balkim siz oʻrnimga bosh murabbiy boʻlarsiz?” — Fabio Kannavaro

09:28 28 Mart 2026 Sport
370 0

Kecha, 27-mart kuni FIFA Series musobaqasining 1-turi doirasida Oʻzbekiston terma jamoasi Gabon jamoasini 3:1 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Uchrashuvdan soʻng Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ustozi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Bugun birinchi boʻlimda himoyada biroz xatolar kuzatildi. Tanaffusda qanday koʻrsatma berdingizki, ular ishonch bilan harakat qilishni boshlashdi va Jahongir Oʻrozovning oʻyiniga toʻxtalib oʻtsangiz.

“Birinchi taym bilmayman nega, oʻzimizga ishonmagan koʻrindi. Konsentratsiya yuz foiz emas edi. Tanaffusda ularga har doim qilishimiz kerak boʻlgan ishni qilishimiz kerakligini aytdim. Taktika tomonlama oʻzgarishlar qildik, lekin asosiysi ruhiy muammo edi. Bizning motivatsiyamiz raqiblarga qaramasdan, har doim yuqori darajada boʻlishi kerak. Biz har doim maydonga gʻalaba uchun chiqishimiz kerak. Shuningdek, bir xil motivatsiya bilan chiqish kerak. Bunday beqarorlikka yoʻl qoʻymasligimiz zarur. Masalan, soʻnggi daqiqalarda koʻrdingiz, oʻyin bizning nazoratimiz ostida oʻtayotgan edi, lekin juda ham xavfli hujumlar boʻldi”.

Bugun terma jamoamiz standart vaziyatdan gol urdi. Standartlar mashgʻulotlarda alohida ishlanmoqdami yoki futbolchilar oʻyindan kelib chiqib shunday qarorga kelishdimi?

“Albatta, mashgʻulotlarda barcha jihatlar ustida ishlaymiz. Agar klubda bir mavsum davomida standart vaziyatlarda 14–15 ta gol urish mumkin boʻlsa, yaxshi hujumchini sotib olish kerak boʻladi. Terma jamoada esa bor-yoʻgʻi 2–3 kun vaqt bor. Koʻpincha vaqt yetmaydi. Barchasini hisobga olishimiz kerak. Zamonaviy futbolda kichik detallarga eʼtibor bermasak, gʻalaba qozona olmaysiz”.

Kecha navbatdagi ikki oʻyinda barcha futbolchilarga imkoniyat beraman deb aytgandingiz, ammo bugun boʻlmadi. Bugungi nazorat oʻyini Igor Sergeyevni sinab olish uchun yaxshi vaqt emasmidi? Dastlabki oʻzgarish esa 76-daqiqada roʻy berdi. Menimcha, bu juda kech...

“Bugun 8 ta futbolchi zaxiradan oʻyinga qoʻshildi. Yana qanday savollar boʻlishi mumkin?”

76 daqiqada oʻzgarish qilish kech emasmi?

“Balkim mening oʻrnimga murabbiy boʻlarsiz. Men sizning fikringizni hurmat qilaman. Men terma jamoaga juda koʻplab futbolchilarni jalb etdim. Dastlabki 8 ta uchrashuvda nechta futbolchi terma jamoada oʻynaganini hisoblab koʻring”.

Bugun oʻng qanotda Aziz Gʻaniyev harakat qilmoqda. Lekin hozirgi kunda Superligada oʻzining eng yaxshi davrini oʻtkazayotgan Jamshid Iskanderov bor, bugun biz uni asosiyda yoki zaxiradan maydonga tushishini kutgan edik. Nima uchun futbolchiga imkoniyat berilmadi va Venesuelaga qarshi oʻyinda maydonga tushadimi?

“Dubaydagi klubida oʻng qanotda harakat qiladi. Jamshid Iskanderov ham jamoaning bir boʻlagi hisoblanadi. Biz uning iqtidorini bilamiz. Albatta, biz barchaga harakat qilishi uchun yetarlicha vaqt beramiz”.

Gabon terma jamoasi bugun 4 xG qayd etdi. MTJ mundial saralashi davomidagi Eronga qarshi oʻyinlarda ham bunday statistikani qayd etmagan edi. Ushbu holat siz uchun qanchalik normal?

“Eʼtibor yetarlicha emas edi. Baʼzida ahmoqona xatolarga yoʻl qoʻydik. Bu shuning natijasida roʻy berdi”.

Abduqodir Husanov keyingi oʻyinga qaytadi. Biz Venesuelaga qarshi oʻyinda yana yangi nomlarni koʻrishimiz mumkinmi, Jahongir Oʻrozov kabi futbolchilar singari?

“Hozir oʻyinchilarimiz qayta tiklanishi kerak. Yaxshi uxlab, dam olishlari zarur. Ertaga ertalab mashgʻulotimiz bor. Bizda hali ham tiklanish davom etadi. Shuning uchun bizning vaqtimiz koʻp bu haqda oʻylab koʻrishga. Biroq bizning asosiy eʼtiborimiz — har doim yangi oʻyinchilarni koʻrish, lekin oʻz navbatida muvozanatni ham ushlashimiz kerak. Agar yutqazib qoʻysak, sizlar kelib menga eʼtiroz bildirasizlar. Bu mening juda koʻp futbolchini almashtirib yuborganim uchun roʻy beradi. Shu sabab har doim oʻylagan holda eng yaxshi yechimni topishga intilaman”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?