Rossiya–Ukraina urushi Qora dengiz ekotizimiga jiddiy zarar yetkazmoqda

17:10 27 Mart 2026 Dunyo
592 0

Foto: AFP

Ukrainada davom etayotgan urush Odessa port infratuzilmasi va Qora dengiz ekotizimiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Slovakiyada joylashgan Atrof-muhit instituti direktori Yaroslav Slobodnikning maʼlum qilishicha, urush natijasida dengiz bioxilmaxilligi sezilarli darajada oʻzgargan. Ayrim turlar yoʻqolib ketgan boʻlishi mumkin, biroq buni tasdiqlash uchun yetarli ilmiy maʼlumotlar mavjud emas. Urush sharoiti esa bunday maʼlumotlarni yigʻish imkoniyatini keskin cheklamoqda.

Urush boshlangunga qadar Qora dengizda delfinlarning uch turi mavjud boʻlgan. Mojaro boshlanganidan buyon Ukrainaga qarashli 2782 kilometrlik sohil chizigʻida zaharlanib halok boʻlgan delfinlar jasadlari muntazam ravishda topilmoqda. Rossiya hujumining birinchi yilida taxminan 125 ta oʻlik delfin qayd etilgan boʻlsa, oʻtgan yilda yana 49 ta holat olimlar tomonidan hujjatlashtirilgan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, dengizda neft toʻkilishlari va oʻq-dorilardan tashqari, harbiy kemalar hamda suvosti kemalari tomonidan qoʻllanilayotgan uskunalarining kuchli akustik taʼsiri ham dengiz sutemizuvchilari uchun jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Ayniqsa, Kerch koʻprigi atrofi va Rossiya nazoratidagi hududlarda bunday faollik yuqori ekani qayd etilmoqda. Biroq urush sharoitida delfinlar holatini muntazam kuzatish va ularning oʻlimi sabablarini aniqlash mushkul boʻlib qolmoqda.

Shuningdek, 2023-yil iyun oyida Dnepr daryosidagi Kaxovka toʻgʻonining vayron qilinishi ham Qora dengiz ekologiyasiga katta zarar yetkazgan. Ushbu falokat oqibatida oʻnlab inson halok boʻlgan, taxminan 600 kvadrat kilometr hudud suv ostida qolgan. Natijada Dnepr orqali Qora dengizga katta miqdorda ifloslantiruvchi moddalar va ogʻir metallar oqib tushgan, daryo deltasiga esa zaharli chiqindilar hamda chiriyotgan hayvon jasadlari toʻplangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?