Slovakiyada Bosh vazir Fitsoga nisbatan davlatga xoinlik gumoni bilan tergov boshlandi

12:51 27 Mart 2026 Dunyo
316 0

Slovakiyada politsiya Bosh vazir Robert Fitsoga nisbatan tergov boshladi. Bu haqda muxolifatdagi “Ozodlik va birdamlik” partiyasi yetakchisi Branislav Gryoling maʼlum qildi, uning soʻzlarini iDen.sk nashri keltirmoqda.

Mavjud maʼlumotlarga koʻra, tergov jarayoni Fitsoning Ukrainaga zudlik bilan elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatish haqidagi qarori bilan bogʻliq.

— Bir oy oldin men Robert Fitso ustidan davlatga xoinlik va boshqa jinoyatlarda ayblab, politsiyaga ariza bergan edim, — dedi Gryoling va ushbu arizani 13 mingdan ortiq fuqaro qoʻllab-quvvatlaganini qoʻshimcha qildi.

Qayd etilishicha, muxolifat Bosh vazirni hokimiyatni suiisteʼmol qilish va davlatga xoinlikda gumon qilmoqda.

— Men Robert Fitso ogʻir jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotganiga ishonaman. Prokuratura va politsiya chora koʻrayotgani hamda bu ish bosti-bosti qilinmayotganini yuqori baholayman, — deb taʼkidladi Gryoling.

Fevral oyida Robert Fitso mamlakat Ukrainaga favqulodda elektr energiyasi yetkazib berishni toʻxtatishini eʼlon qilgan edi. Bunga sabab sifatida u “Drujba” neft quvuri orqali neft yetkazib berish toʻxtatilganini koʻrsatgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?