Poytaxtda narkolaboratoriya fosh qilindi (+video)

11:04 27 Mart 2026 Jamiyat
228 0

Toshkent shahrida narkolaboratoriya fosh qilindi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Bildirilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Sergeli tumanida narkolaboratoriya fosh etilgan.

Tezkor tadbir davomida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi, 2003-yilda tugʻilgan shaxs koʻp qavatli uylardan biridagi xonadonni ijaraga olib, narkolaboratoriya tashkil etgani maʼlum boʻlgan.

Shundan soʻng, ushbu manzildan umumiy qiymati 4,5 milliard soʻmga teng boʻlgan 3,5 kg “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kg kukun koʻrinishidagi prekursorlar, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Bundan tashqari, narkolaboratoriyada kimyogar boʻlib ishlovchi yana bir chinozlik fuqaro ham qoʻlga olingan. Aniqlanishicha, mazkur shaxslar dastlab “Telegram” messenjeri orqali faoliyat yurituvchi narkodoʻkonda “kladmen” sifatida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shugʻullanib kelgan. Keyinchalik jinoiy guruh rahbarlarining ishonchiga kirib, bevosita ajal ogʻusini tayyorlashga jalb etilishgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan narkosavdogarlarga nisbatan DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?