Moskvani boy qilayotgan xato yoxud geopolitik shaxmatda “mot” kim?
2026-yilning fevral oyi oxirida AQSH va Isroil harbiy kuchlarining Eronga qarshi boshlagan keng koʻlamli harbiy amaliyoti dunyo iqtisodiyotini soʻnggi oʻn yillikdagi eng ogʻir energetika inqirozi yoqasiga olib keldi. Harbiy harakatlar boshlanishi bilan Tehronning strategik javobi sifatida dunyo neft eksportining qariyb 20 foizi oʻtadigan Ho'rmuz boʻgʻozini toʻliq yopib qoʻyishi global bozorlarda haqiqiy “shok” effektini yaratdi. Natijada, fevral oyi oʻrtalarida barreliga oʻrtacha 75 dollar atrofida baholangan Brent markali neft narxi mart oyining birinchi oʻn kunligidayoq 120 dollardan oshib ketdi. Atigi ikki hafta ichida narxlarning 60 foizga yaqin sakrashi dunyo bozorlarida neft tanqisligini yuzaga keltirdi.
Ushbu geosiyosiy boʻron kutilmagan iqtisodiy paradoksni keltirib chiqardi: AQSH maʼmuriyati oʻz ichki bozorida benzin narxining rekord darajada oshishi va inflyatsiya xavfi tufayli oʻzi oʻrnatgan “sanksiyalar oʻyin” qoidalarini qayta koʻrib chiqishga majbur boʻldi. Mart oyining oʻrtalariga kelib, Vashington energetika bozoridagi keskinlikni jilovlash maqsadida Rossiya neftiga qoʻyilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatishini va neftining “narx cheklovi” tizimi ustidan nazoratni amalda toʻxtatganini eʼlon qildi. Dunyo bozoridagi neft tanqisligi shunchalik kuchaydiki, Gʻarb strateglari oʻzlarining asosiy geosiyosiy raqibi — Rossiyaning neft daromadlari mislsiz darajada oʻsishiga koʻz yumishga majbur boʻlishdi. Aynan shu nuqtada harbiy harakatlar maydonidan minglab kilometr uzoqda boʻlgan Moskva ushbu nizoning asosiy iqtisodiy benefitsiariga aylandi.
Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qayerda qoldi?
Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlar tufayli dunyo bozorida yuzaga kelgan neft tanqisligi Rossiya iqtisodiyoti uchun kutilmagan “moliyaviy nafas” boʻldi. Eronning neft eksporti bloklanishi bilan jahon bozorida kunlik 3 million barrel atrofidagi tanqislik paydo boʻldi. Bu boʻshliqni toʻldirish uchun yagona va tezkor manba sifatida aynan Rossiya xomashyosiga ehtiyoj keskin ortdi.
Raqamlar gapirganda:
-
Eksportning oʻsishi: 2026-yil mart oyi oʻrtalariga kelib, Rossiyaning dengiz orqali neft eksporti kuniga 3,7 million barrelga yetdi. Bu 2022-yil may oyidan beri eng yuqori koʻrsatkichdir.
-
Urals neftining rekordi: Gʻarb davlatlari tomonidan oʻrnatilgan “narx cheklovi” (60 dollar) amalda oʻz kuchini yoʻqotdi. Rossiyaning Urals markali nefti jahon bozorida barreliga 95-100 dollardan sotila boshladi. Bu har bir barreldan sanksiya davridagidan koʻra 35-40 dollar koʻproq sof foyda degani.
-
Byudjetga tushumlar: Hisob-kitoblarga koʻra, mart oyining dastlabki ikki haftasida Rossiya energetika eksportidan kuniga oʻrtacha 850 million dollardan daromad koʻrdi. Fevral oyi bilan solishtirganda, kunlik foyda 250-300 million dollarga oshgan.

Ushbu jarayonning eng hayratlanarli tomoni shundaki, Rossiya neftining asosiy xaridorlari boʻlgan Hindiston va Xitoy oʻz sotib olish hajmlarini yanada oshirdi. AQSH va Yevropa Ittifoqi oʻz iqtisodiyotini saqlab qolish uchun ushbu “yashirin” savdolarga koʻz yumishga, hatto bilvosita ruxsat berishga majbur boʻldi. Natijada, Vashington Eronga qarshi urush ochib, oʻzining boshqa bir strategik raqibi — Rossiyaning harbiy byudjetini bilvosita moliyalashtirib qoʻyish tuzogʻiga tushdi. Moskva esa bu “pul yomgʻiri” evaziga nafaqat byudjet taqchilligini yopdi, balki oʻz harbiy xarajatlarini rivojlantirishni boshladi.
Harbiy gʻalaba va moliyaviy magʻlubiyat
AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni boshlaganda, asosiy maqsad mintaqaviy xavfsizlik va yadroviy dasturni toʻxtatish edi. Biroq iqtisodiy frontda bu qadam Vashington va Tel-Aviv uchun kutilmagan zarbalarni keltirib chiqardi. Urush nafaqat qimmat qurollarni, balki har kuni millionlab dollarlik resurslarni yutib yubora boshladi.

AQSH: Inflyatsiya va “yoqilgʻi inqirozi”
-
Ichki bozor zarbasi: 2026-yil mart oyining oʻrtalariga kelib, AQSHda bir galon benzin narxi oʻrtacha 4.85 dollarga koʻtarildi. Baʼzi shtatlarda bu koʻrsatkich 6 dollardan oshib ketdi. Bu 2022-yildagi rekordlarni yangiladi.
-
Logistika va transport: Neft narxining 60 foizga oshishi AQSH ichidagi barcha turdagi tovarlar narxini zanjirsimon tarzda koʻtarib yubordi. Inflyatsiya koʻrsatkichi yillik 8.5 foizga yetdi, bu esa Federal rezerv tizimini foiz stavkalarini keskin oshirishga majbur qildi.
-
Strategik zaxiralar: AQSH narxlarni tushirish uchun oʻzining strategik neft zaxiralaridan kuniga 1 million barrel chiqara boshladi, biroq bu chora dunyo bozoridagi 20 million barrellik “teshikni” yopishga yetmadi.

Isroil: Urushning kundalik narxi
-
Harbiy xarajatlar: Isroil mudofaa vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Eronga qarshi faol havo va quruqlik amaliyotlarining har bir kuni mamlakat gʻaznasiga taxminan 250-300 million dollarga tushmoqda. Bunga faqatgina raketalar va yonilgʻi emas, balki safarbar qilingan 300 mingdan ortiq zaxiradagi askarlarning iqtisodiyotdan uzilishi ham kiradi.
-
Texnologik turgʻunlik: Isroil iqtisodiyotining asosi boʻlgan yuqori texnologiyalar sektori urush tufayli investitsiyalar oqimining 40 foizga kamayganini qayd etdi. Xorijiy investorlar urush xavfi tufayli oʻz kapitalini barqaror bozorlarga koʻchira boshladi.
Shunday qilib, AQSH va Isroil Eronda harbiy ustunlikka erishgan boʻlsada, iqtisodiy maydonda “oʻz darvozasiga gol urish” holatiga tushib qoldi. Vashington oʻzining geosiyosiy raqibi — Rossiyani zaiflashtirishga harakat qilayotgan bir paytda, Erondagi nizo orqali Moskvaga yiliga qoʻshimcha 100-120 milliard dollar sof foyda keltiradigan sharoitni yaratib berdi. Bu paradoks 2026-yilning eng katta strategik xatosi sifatida tarixga kirishi mumkin.

Geopolitik shaxmatda “mot” kim?
2026-yilning mart voqealari shuni koʻrsatdiki, zamonaviy dunyoda harbiy qudrat har doim ham iqtisodiy gʻalabani kafolatlamaydi. AQSH va Isroil Eronga qarshi operatsiya orqali oʻzlarining strategik xavfsizlik masalalarini hal qilishga uringan boʻlsalarda, global energetika bozoridagi muvozanatni buzib yubordilar. Ushbu muvozanatning buzilishi esa kutilmagan zanjir reaksiyasini keltirib chiqardi.

Asosiy xulosalar
Rossiyaning iqtisodiy “qalqoni”: Moskva uchun Yaqin Sharqdagi nizo Gʻarb sanksiyalarini amalda befoyda holga keltirdi. Neft narxining barreliga 120 dollardan oshishi Rossiya byudjetiga yiliga qoʻshimcha 110-130 milliard dollar atrofida sof foyda keltirishi prognoz qilinmoqda. Bu mablagʻlar sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan barcha iqtisodiy bo'shliqlarni yopishga yetarli boʻladi.
Gʻarbning iqtisodiy tanlovi: Vashington va uning ittifoqchilari qiyin tanlov qarshisida qoldi: yo sanksiyalarni yumshatib, Rossiya neftining bozorga erkin chiqishiga yoʻl qoʻyish orqali oʻz ichki inflyatsiyasini jilovlash, yoki qatʼiy cheklovlarda davom etib, oʻz iqtisodiyotini chuqur tanazzulga itarish. Amaliyot shuni koʻrsatdiki, iqtisodiy omon qolish instinkti siyosiy prinsiplardan ustun keldi.
Yangi dunyo xaritasi: Eron neftining bloklanishi va Rossiya xomashyosining narxi oshishi Osiyo gigantlari — Xitoy va Hindistonning jahon bozoridagi taʼsirini yanada kuchaytirdi. Ular arzon boʻlmasada, barqaror yetkazib beriladigan energiya resurslari uchun asosiy xaridor boʻlib qolmoqdalar.
Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring