“Nomofobiya kasalligi” — XXI asr epidemiyasi

18:11 26 Mart 2026 Jamiyat
324 0

Illyustrativ foto

Telefonga qaramlik — XXI asr epidemiyasi, deya tan olinmoqda. Tibbiyotda bu “nomofobiya kasalligi” deb tashxislanadi. Yaʼni nomofobiya telefonga qaramlik, undan ayrilib qolishdan qoʻrquv hissi paydo boʻlishi bilan kechadi va bu hozirda koʻproq bolalar va oʻsmirlarda uchramoqda.

...Avtobusda ketayotib, chamasi besh-olti yoshli bolaning onasiga xarxashasi eʼtiborimizni tortdi. Nuqul ayasining sumkasiga qoʻl choʻzar, ayol esa uni ovutish ilinjida xijolat. Nihoyat, bola niyatiga yetdi chogʻi, sumkadan olingan uyali telefon qoʻliga tegar-tegmas tinchidi-qoldi. Va... shahardan tuman markazigacha boʻlgan bir soatlik yoʻl davomida undan koʻzini uzmadi.

— Bugungi bolalarning tili “sotka” deb ataladigan shu matoh bilan chiqyapti, — dedi bu holatni kuzatib turgan hamrohimiz, gʻijduvonlik pedagog Shuhratjon Gʻaniyev. — Vaholanki, ertaga maktab yoshiga yetgach, bunday bolaning oʻy-xayoli kitobda emas, telefonda boʻlishi aniq. Kitob mutolaasi hali miyasi moʻrt bolani fikrlashga oʻrgatadi, oq-qorani tanitadi. Bilimiga bilim qoʻshadi. Qoʻl telefoni-chi? U bor joyda bolaning diqqati chalgʻiydi: darslarni oʻzlashtirishiga xalaqit beradi. Ijtimoiy tarmoqlarga ipsiz bogʻlanib qolgan, miyasini kerak-nokerak axborotlar bilan toʻldirayotgan bolaning maʼnaviyati qanday boʻladi? Uning inson ruhiy salomatligiga jiddiy taʼsiri haqida-ku gapirmasak ham koʻpchilik biladi.

Muallimning xavotirida jon bor. Afsuski, ayrimlar “Qulogʻim tinch boʻlsin”, “Xarxasha qilmasin”, “Asabimga tegmasin” degan vajlar bilan hali endigina tili chiqqan bolasiga ham qoʻl telefonini berib qoʻymoqda. Oqibatda jajji oʻgʻil-qizlar qoʻlida “sotka” boʻlmasa, bir narsasini yoʻqotib qoʻygan kabi oʻzini qoʻyarga joy topolmaydigan holatga tushmoqda. Tajang va serxarxasha, “qilma-qoʻyma”ni bilmaydigan boʻlib oʻsyapti.

U va boshqa elektron ekranlarning bola sogʻligiga, deylik, miya rivojiga, ruhiy salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi ham bor gap.

— Soʻnggi yillarda yosh bolalar orasida telefon, planshet va boshqa elektron qurilmalardan huda-behuda foydalanish holatlari keskin ortib bormoqda, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali oftalmologi Sherzod Choʻliyev. — Bu holat koʻzga salbiy taʼsir koʻrsatib, qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻlyapti. Astenopiya, yaʼni koʻz charchashi, koʻrish qobiliyatining pasayishi, miopiya, yaʼni quruq koʻz sindromi, bosh ogʻrigʻi, diqqatning susayishi shular jumlasidan. Ekranga uzoq muddat tikilib turish bola koʻzida koʻrish nuqsonini yuzaga keltiradi.

Xoʻsh, bunday holatda ota-onalar qanday yoʻl tutmogʻi kerak? Qanday qilib farzandlarini telefonga qaramlikdan qutqarishlari mumkin?

Avvalo, bolalarning ekran oldida oʻtirish vaqtini cheklash, har 20 — 30 daqiqada koʻzni dam oldirish, masofani toʻgʻri saqlash, yorugʻlik darajasiga rioya etish hamda ularni ochiq havoda koʻproq harakat qilishga undash kerak. Dam olish kunlari birgalikda sayrlar uyushtiring va boshqa qiziqarli mashgʻulotlarga yoʻnaltiring... Unutmang, profilaktika maqsadida oftalmolog koʻrigidan muntazam oʻtib turish ham muhim ahamiyatga ega.

Bugun aksariyat psixologlar ijtimoiy tarmoqlarning yosh bola ongu shuuriga tuzalmas ziyon yetkazishi ehtimolini nazarda tutib, ularni “koʻrinmas ofat”, deya atashmoqda. Aytmoqchi, bu ofat oqibatini dunyoning rivojlangan davlatlari allaqachon oʻzlarida his etishdi. Deylik, shuni hisobga olgan holda Avstraliya hukumati 16 yoshga toʻlmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga taqiq qoʻydi. Shuningdek, Fransiya, Ispaniya, Malayziya, Indoneziya va AQSHning bir qator shtatlarida oʻsmirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga cheklov qoʻyish masalasi kun tartibiga chiqdi.

Buyogʻiga xulosa oʻzingizdan.

Istam IBROHIMOV (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?