Soʻzboʻyamachilik yoxud baʼzi tashkilotlarning xalq murojaatlariga panja orasidan qarayotgani xususida
Arxiv foto
Achchiq, ammo ochiq gaplar
Oʻtgan yili Navoiy viloyati aholisidan Prezidentning Xalq qabulxonalariga 40 426 ta murojaat kelib tushgan. Raqamlarga qaraganda, 2024-yildagiga nisbatan murojaatlar qariyb 30 foizga kamaygan. Ilk qarashda bu ijobiydek tuyuladi. Ammo savol tugʻiladi: muammolar kamaydimi yoki odamlar murojaat qilishdan umid uzdimi?
Bu raqam esa “kamayish” ortidagi haqiqiy manzarani ochib beradi: 13 930 ta murojaatga idoralar faqat tushuntirish berish bilan cheklangan. Ular qogʻozda buni “asoslangan javob” deb rasmiylashtirgan, ammo amalda — bu masʼuliyatdan qochish va muammoni qogʻozda “yoʻq qilish” usulidir. Masalan, Karmana tumanidagi “Koʻhna Qoʻrgʻon” MFYda yashovchi fuqaro Marjona Qurbonova 2025-yil 3-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroq qilib, ijtimoiy sharoiti ogʻirligi, 3 nafar farzandi borligi, farzandlariga tugʻilganlik haqida guvohnoma olishda amaliy yordam soʻrab murojaat etadi. Bunga javoban Karmana tumani adliya boʻlimi muammoni hal qilish oʻrniga “tushuntirish” bilan cheklangan. Natijada qogʻozda “ish bajarildi”, ammo amalda bir ona dardi bilan yakka qoldirilgan.
Nurota tumanidagi “Yangi hayot” MFYda yashovchi fuqaro X. Roʻziboyev ham 2025-yil 26-noyabrda “Ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroq qilib, uyidagi suyultirilgan gaz ballonini 2 oy avval tuman gaz idorasi xodimlari toʻldirish uchun olib ketgani, ammo shu kungacha toʻldirib bermaganidan norozi boʻlib murojaat etadi. Bunga javoban Nurota tumani gaz taʼminoti boʻlimidagilar fuqaro X. Roʻziboyevning nomidan soxta tashakkurnoma xati yozib, gaz ballon yonida boshqa bir fuqaro, yaʼni Amir Temur nomidagi MFYda yashovchi 1979-yilda tugʻilgan Alisher Bozorovning suratini qoʻyib, muammo ijobiy hal qilindi, deb koʻzboʻyamachilik bilan murojaatni “yopishadi”.
— Mazkur holat yuzasidan “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali direktori M. Normamatov nomiga aybdorlarni intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritdik, — deydi viloyat Xalq qabulxonasi bosh mutaxassisi Laziz Abdullayev. — Ular esa “Nurotatumangaz” gaz taʼminoti filialining suyultirilgan gaz boʻyicha xizmat boshligʻi A. Sayfiddinov oʻtgan yili oʻz arizasiga binoan ishdan boʻshatilganini maʼlum qildi.
Ayni chogʻda, tahririyatimiz oʻnlab nurotaliklarning suyultirilgan gaz ballonlarini ololmay sarson boʻlib yurgani, tumanda bir necha yuz dona suyultirilgan gaz balloni talon-toroj etilgani haqida tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ega. Albatta, mazkur holatga mutasaddi idoralar oʻz xulosasini bildirishadi, biz esa bu kabi muammoga duch kelgan nurotaliklarni tahririyatimizga murojaat qilishini soʻraymiz.
Fuqarolar murojaatlarining rad etilishini tahlil qilarkanmiz, ish bilan taʼminlash masalasida 31, hunarmandchilik (asbob-uskunalar) uchun kreditga tavsiyanoma olish yuzasidan 42, bolalar nafaqasi boʻyicha 32, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam soʻralgan 26, davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy koʻmak masalasida esa arizalarning 18 foizi ijobiy yechim topmaganiga duch keldik.
Fuqaro G. Buzrukova 2025-yil 12-sentyabr kuni jazoni ijro etish muassasasidan ozodlikka chiqarilgan. Fuqarolik hayotiga moslashish davrida yashash uchun sharoiti ogʻir ahvolda boʻlgani sababli mahallaga bir necha marotaba qilgan murojaatiga ijobiy javob ololmaydi. Xullas, mahalla tomonidan unga hech qanday yordam koʻrsatilmaganidan norozi boʻlib, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga yashash sharoitini oʻrganib, moddiy koʻmak berilishida amaliy yordam soʻrab murojaat etadi.
— Vaziyat joyiga chiqib oʻrganildi, — deydi Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Joʻrayev. — Murojaatchiga oziq-ovqat mahsulotlari olish uchun oʻrnatilgan tartibda “vaucher” shakllantirib berildi hamda Vazirlar Mahkamasining 654-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan 2025-yil dekabrdan 6 oy davomida moddiy yordam toʻlab berilishi taʼminlandi.
Albatta, murojaatlar borasida ijobiy misollar ham bor. Masalan, Navoiy shahridagi Humo mahallasida istiqomat qiluvchi Dilfuza Azimova aynan Xalq qabulxonasi xodimlarining huquqiy tushuntirish va yordamlari tufayli oʻzining uch yillik sarson-sargardonliklariga yechim topdi.
— 2021-yilda bir kun ham yashamagan, erta-indin hovli toʻyi qilib koʻchib kiramiz, degan imoratimiz yonib ketdi, — deydi Dilfuza Azimova. — Yongʻin sabablari oʻrganildi, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazidan imoratga oʻt qoʻyilgani haqida xulosa berildi. Biroq jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi rad etib kelindi. Nihoyat, viloyat Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, ularning tushuntirishlari bilan barcha hujjatlarni toʻplab, Oliy Majlis Senati Raisi qabuliga kirdim. Murojaatim qanoatlantirilib, adolat qaror topdi.
Oʻrganishlardan ayon boʻladiki, baʼzan murojaatchini tinglashning oʻzi “natija” sifatida koʻrsatilmoqda. Vaholanki, odam eshitilish uchun emas, yechim topish uchun murojaat qiladi. Yana bir jiddiy masala — oʻtgan yili viloyatda aholi bilan oʻtkazilishi rejalashtirilgan sayyor qabullarning 228 tasi oʻtkazilmasdan qoldirilgan. Ularning yarmidan koʻpi esa Karmana tumani hissasiga toʻgʻri keladi.
— Murojaatlarni oʻrganishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan tashkilot xodimlariga nisbatan 2025-yilda 128 ta taqdimnoma, 86 ta taklif kiritildi, — deya davom etadi L. Abdullayev. — Shundan 135 nafar xodim ogohlantirilgan, 26 nafariga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan. Ikki nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ikki xodim oʻz lavozimidan ozod etilgan.
Xulosa oʻrnida aytmoqchimizki, fuqaro murojaatiga munosabat jamiyatda maʼnaviy muhit barqarorligini belgilovchi omil. Shu bois mamlakatimiz rahbari joriy yilning 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida koʻmak berishim kerak” degan shior barcha rahbarlar faoliyatida bosh qoida boʻlishi shartligi gʻoyasini ilgari surdi. Hokimliklar, vazirlik va idoralarga faqat koʻtarilgan masalani hal etish bilan cheklanib qolmasdan, muammoning kelib chiqish sabablarini chuqur oʻrganish, murojaatlarga olib kelayotgan omillarni aniqlab, ularni kamaytirish bilan tizimli ravishda shugʻullanish boʻyicha topshiriqlar berildi. Tabiiyki, bunday yondashuv nainki muammoni bartaraf qilish, balki uning yechimida ham har qanday soʻzboʻyamachilikning oldini oladi. Bu esa odamlarning sayyor qabul va ochiq muloqotlarga ishonchini oshiradi.
Temur ESHBOYEV (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring