Toʻrt hududda qariyb 1 milliard soʻmlik “svet” va gaz talon-toroj qilindi

12:22 26 Mart 2026 Jamiyat
233 0

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzaobod tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

Unda “U.H.” fermer xoʻjaligi masʼul shaxslari “Nurafshon” MFY hududidagi baliqchilik xoʻjaligidagi elektr hisoblagichga tashqi taʼsir koʻrsatib 389,9 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi fosh qilingan.

Shu kabi yana bir holat, Departamentning Furqat tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham aniqlangan. Unga koʻra, “Sh.I.” MCHJ ish boshqaruvchisi S.R. tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 230,9 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani maʼlum boʻlgan.

Departamentning Oʻzbekiston tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.K.” oilaviy korxonasi masʼul shaxslari “Eski Yaypan” MFY hududidagi ishlab chiqarish binosida elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida oʻzboshimchalik bilan ulanib, 150,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan.

Bundan tashqari, Departamentning Angren shahri boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.” MCHJ masʼul shaxslari “Beruniy” MFY hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasidagi gaz hisoblagichiga tashqi taʼsir koʻrsatib, 204,2 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari fosh etilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?