Oʻzbekistonga qayiqda 10 kg “gashish” olib oʻtgan narkokuryer ushlandi

19:02 25 Mart 2026 Jamiyat
345 0

Foto: DXX

Amudaryo orqali 10 kilogramm giyohvandlik vositasini olib oʻtgan afgʻonistonlik narkokuryer ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, DXXning Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qoʻshni Afgʻonistondan Oʻzbekiston hududiga kontrabanda qilingan katta miqdordagi narkotik moddalari toʻxtatib qolingan.

Xususan, Afgʻonistonning Qunduz viloyatida yashovchi, 52 yoshli shaxs davlat chegarasini buzgan holda, Amudaryodan qayiqda suzib oʻtgan vaqtida qoʻlga olingan. Uning yonida boʻlgan 2 ta qopning ichida esa jami 10 dona oʻramda, sof ogʻirligi 10 kilogramm 354 gramm boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan qonunbuzarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari doirasida ushbu jinoyatga aloqador boʻlgan shaxslarni aniqlash choralari koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?