Eron — AQSH muzokaralari shu hafta oxiri boshlanishi mumkin

17:21 25 Mart 2026 Dunyo
448 0

Illyustrativ foto

Vashington va Tehron oʻrtasidagi muzokaralar shu hafta oxiri Pokistonning Islomobod shahrida boʻlib oʻtishi mumkin. Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi bu haqda Italiyaning “Corriere della Sera” gazetasiga bergan intervyusida aytdi.

“Men [muzokaralarga] yondashuv kengroq boʻlishini va yadro energiyasi va mojaroning kelib chiqishi bilan cheklanmasligini kutaman”, — degan u.

Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktorining soʻzlariga koʻra, AQSH va Eron Eronning raketa dasturi, mintaqadagi Tehronga ittifoqdosh jangari guruhlarning faoliyati va Eronga xavfsizlik kafolatlarini berish masalalarini ham muhokama qilishlari mumkin.

Hozircha na Tehron, na Vashington uchrashuv haqida hech qanday maʼlumo bermadi. “Hotam al-Anbiyo” Markaziy qoʻmondonligi vakili Ibrohim Zulfaqari Eron AQSH bilan muzokaralarni faqat oʻz tashabbusi bilan, Eron xalqiga qarshi harakat qilish fikri amerikaliklarning... iflos ongidan butunlay tozalangandan soʻng boshlashini aytdi.

Shu bilan birga, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Esmail Bagʻayi Eron rahbariyati doʻst davlatlar va qoʻshnilar bilan AQSH bilan qurolli mojaroda vositachilik qilish mumkinligi haqida muzokaralar olib borayotganini xabar qildi. Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab davlatlar, ayniqsa, Yaqin Sharqda, Tehron bilan Vashington oʻrtasidagi munosabatlarda vositachilik qilishni taklif qilishgan.

“The New York Times” gazetasi oʻz manbalariga tayanib, Pokiston armiyasi shtabi boshligʻi, feldmarshal Sayid Asim Munir AQSH va Eron oʻrtasidagi muloqotda asosiy shaxsga aylanganini maʼlum qildi. Nashr xabariga koʻra, u yaqinda Eron parlamenti raisi va Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining sobiq qoʻmondoni Muhammad Bagʻir Gʻolibaf bilan bogʻlanib, Pokistonni Eron — AQSH muzokaralari oʻtkaziladigan joy sifatida taklif qilgan.

AQSH reja tayyorlagan

“The New York Times” gazetasi shuningdek, AQSH Yaqin Sharqdagi urushni tugatish uchun 15 banddan iborat reja tayyorlab, Pokiston orqali Eronga yetkazganini xabar qildi. Nashrning taʼkidlashicha, hujjat AQSH maʼmuriyatining mojarodan chiqish yoʻlini topish va shu bilan birga uning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish istagini aks ettiradi.

“Maxfiy tafsilotlarni muhokama qilish uchun anonimlik sharti bilan gapirgan rasmiylar rejaning baʼzi, umumiy qoidalari bilan oʻrtoqlashdi va unda Eronning ballistik raketa va yadroviy qurol dasturlari ham koʻrib chiqilishini aytishdi. Bir rasmiyning taʼkidlashicha, rejada dengiz yoʻllari ham muhokama qilinadi”, — deyiladi nashr xabarida.

“The New York Times”ning qoʻshimcha qilishicha, Eron rasmiylari rejani qanchalik yaxshi koʻrib chiqqani va uni muzokaralar uchun asos sifatida qabul qiladimi yoki yoʻqmi, bu hali nomaʼlum. Isroil bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydimi yoki yoʻqmi, bu ham noaniqligicha qolmoqda. Biroq, gazetada taʼkidlanishicha, rejaning oʻzi AQSH maʼmuriyati urushni tugatish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirayotganidan dalolat beradi.

“Oq uyning muzokaralarga boʻlgan istagi shuni koʻrsatadiki, Tramp Eronning amaldagi rejimini hech boʻlmaganda hozircha, zaiflashgan va yanada moslashuvchan holatda boʻlsa ham, hokimiyatda qoldirishga tayyor”, — deya xulosa qiladi nashr.

Eron muzokaralarga tayyor, ammo shart bilan

Isroilning “Ynet” nashri manbalarga tayanib, avvalroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi AQSH prezidentining elchisi Stiv Uitkoffga Eronning yangi oliy rahbari Mujtaba Xomanaiy AQSH — Eron muzokaralariga rozi boʻlganini aytganini maʼlum qilgan edi. Shu bilan birga, CNN manbalariga koʻra, Tehron Donald Tramp maʼmuriyatiga Uitkoff va AQSH prezidentining kuyovi Jared Kushner bilan aloqalarni qayta tiklash niyatida emasligini, vitse-prezident Jey Di Vens bilan muloqot qilishni afzal koʻrishini aniq maʼlum qilgan.

“AQSHdagi norasmiy kanallar orqali yetkazilgan xabar shuni koʻrsatadiki, Eron Isroil — AQSH harbiy harakatlaridan oldin muzokaralar toʻxtatilganidan beri yuzaga kelgan ishonch tanqisligini hisobga olgan holda, Uitkoff va Kushner ishtirokidagi muzokaralarni samarasiz deb hisoblaydi”, — deya taʼkidlaydi manba.

AQSH prezidentining oʻzi kecha Tehron Vashingtonga Hoʻrmuz boʻgʻozi bilan bogʻliq “juda katta miqdordagi pulga teng sovgʻa” berganini aytdi. Biroq, Tramp u aynan qanday sovgʻa ekanini aniq aytmadi.

Amerikalik siyosatshunos Malek Dudakovning aytishicha, bu Eronning baʼzi kemalarga boʻgʻozdan oʻtishga ruxsat berish qarori boʻlishi mumkinligini taxmin qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?