Toshkent viloyatida koʻp miqdorda muddati oʻtgan dori vositalari aniqlandi

11:08 25 Mart 2026 Jamiyat
310 0

Videodan kadr

Poytaxt va Toshkent viloyatida sifati kafolatlanmagan dori vositalari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, DXXning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Parkent tumanidagi “Parkent erkin iqtisodiy” zonasida joylashgan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MCHJda tekshiruv ishlari amalga oshirilgan.

Natijada korxona omborxonasida yaroqlilik muddati tugagan 55 840 dona “Menovazin”, 25 000 dona “Vodorod peroksidi”, 50 800 dona “Etil spirti” hamda 28 mln 270 ming donadan ortiq yorliq va etiketkalar saqlanayotganligi aniqlangan.

Maʼlum boʻlishicha, yaroqlilik muddati tugagan dori vositalarini 2025-2026-yillarda ishlab chiqarilgan degan maʼlumotlar bilan qayta qadoqlab, sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

Poytaxtda kuzatilgan holatda esa Fargʻona shahrida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan fuqaro toʻxtatilib, uning qoʻl yuklari belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganda, Oʻzbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlangan, taxminiy qiymati 763 mln soʻmni tashkil etuvchi 19 turdagi jami 6 597 dona dori vositalari borligi aniqlangan.

Dastlabki surishtiruv jarayonida mazkur shaxs dori vositalarini Hindistondan olib kelib, sotishni oʻzining 1984-yilda tugʻilgan tanishi bilan birgalikda amalga oshirishi aniqlanib, uning xonadoni ham koʻzdan kechirilgan. Natijada taxminiy qiymati 48 mln soʻmga teng boʻlgan 107 dona dori vositalari borligi maʼlum boʻlgan.

Bildirilishicha, hozirda har ikki holat boʻyicha ashyoviy dalil sifatida olingan dori vositalariga nisbatan ekspertiza tekshiruvi tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?