Qashqadaryoda hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassis pora bilan qoʻlga tushdi

10:38 23 Mart 2026 Jamiyat
417 0

Qashqadaryoda hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassisga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Bildirilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Qarshi shahridagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs 1983-yilda tugʻilgan fuqaroga 2019-yilda shahar hokimligi tomonidan ijara shartnomasi asosida berilgan davlat zaxirasidagi 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 1000 AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga tushgan.

Shundan soʻng, tergovga qadar tekshiruv davomida hokim yordamchisi 1000 AQSH dollarini shahar hokimligining yetakchi mutaxassisiga berishi kerakligi maʼlum boʻlgan. U ham ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?