Soliqdan qarzi bor aholi elektr energiyasidan uzib qoʻyiladimi?

20:26 22 Mart 2026 Jamiyat
550 0

Ijtimoiy tarmoqlarda soliqdan qarzi bor aholi elektr energiyasidan uzilishi toʻgʻrisida xabarlar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Soliq qoʻmitasi munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, 2026-yil 16-aprel kunidan boshlab Namangan viloyatida eksperiment tariqasida jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha umumiy summasi 1 mln soʻmdan oshgan soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanish joriy etiladi.

Soliq qoʻmitasining bildirishicha, yuqoridagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda elektr uchun balansda pul boʻlsa ham elektr oʻchiriladi degan mazmunda notoʻgʻri talqin qilinmoqda.

Taʼkidlanishicha, soliq qarzdorligi 1 mln soʻmdan oshgan jismoniy shaxslar bir necha bosqichda ogohlantirilgandan keyin ham qarzdorlikni toʻlamagan taqdirda elektr energiyasi oʻchirilmaydi, balki elektr uchun toʻlovlarni amalga oshirishga vaqtinchalik cheklov kiritiladi.

Cheklov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi toifalariga qoʻllanilmaydi:

  • nogironligi boʻlgan shaxslar (1 va 2-guruh);
  • boquvchisini yoʻqotgan oilalar;
  • ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar;
  • qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.

Maʼlumot uchun, Namangan viloyatida bugungi kunda 1 mln soʻmdan yuqori qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslar soni 45,8 ming nafarni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich jami 531,2 ming nafar soliq toʻlovchining 8 foiziga toʻgʻri keladi.

“Eksperiment natijalaridan kelib chiqib mazkur tajribani boshqa hududlarda joriy etish yoki etmaslik yuzasidan 2026-yil 1-oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. Elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi toʻgʻridan toʻgʻri barcha hududlarda joriy etilmaydi”, — deyiladi qoʻmita bayonotida.

Elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi joriy etilishi toʻgʻrisida quyidagi video orqali batafsil bilib olishingiz mumkin:

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?