Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
Amerikaning The Washington Post nashrida eʼlon qilingan materialda Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyoning boy intellektual va madaniy merosini namoyon etuvchi yirik xalqaro loyiha sifatida baholanadi. Unda mazkur maskan islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotidagi oʻrnini ochib beruvchi zamonaviy ilmiy-maʼrifiy markaz ekani taʼkidlangan.

Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda. Bu tashabbus mintaqaning jahon ilm-fani taraqqiyotida tutgan muhim oʻrnini yana bir bor namoyon etadi.
Asrlar davomida Ipak yoʻli faqat savdo yoʻli boʻlib qolmagan, balki gʻoyalar, madaniyat va ilmiy kashfiyotlar almashinuvi uchun yoʻlak vazifasini oʻtagan. Ushbu merosning katta qismi bugungi Oʻzbekiston hududida joylashgan shaharlar bilan bogʻliq. Bugun esa ana shu anʼana Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi bilan davom etmoqda. 10 gektar maydonni egallagan mazkur majmua mintaqaning boy islomiy madaniyati, meʼmoriy obidalari va ilmiy yutuqlarini ulugʻlaydi.
Shuhratli merosni tiklash
Markaz ekspozitsiyasining markazida islom olamining eng muqaddas va nodir yodgorliklaridan biri — Usmon Qurʼoni joylashgan. VII asrga mansub ushbu qoʻlyozma Qurʼonning saqlanib qolgan eng qadimiy nusxalaridan biri boʻlib, YUNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan. Shuningdek, ekspozitsiyada Makkadagi Kaʼbaga yopiladigan ipak mato — Kisva parchasi ham namoyish etilgan.
Bu bebaho eksponatlar Prezident tashabbusi bilan Vatanga qaytarilgan 2000 dan ortiq qoʻlyozma va tarixiy ashyolar bilan birga taqdim etilgan. Ularni jamlashda “Sothebyʼs”, “Christieʼs”, muzeylar, galereyalar va xususiy kolleksionerlar muhim rol oʻynagan.
Ekspozitsiyalar “Sivilizatsiyalar – shaxslar – kashfiyotlar” mavzusi asosida tashkil etilgan boʻlib, islomgacha boʻlgan davrdan boshlab, Markaziy Osiyoning Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarini qamrab oladi hamda “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” boʻlimi bilan yakunlanadi.
Asosiy diqqat markazlaridan biri — “Buyuk siymolar galereyasi“ boʻlib, u yerda mikromozaika asarlari orqali jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar sharaflanadi. Ular orasida algebra asoschisi Al-Xorazmiy, tibbiyot ensiklopediyasi bilan mashhur Ibn Sino hamda yulduzlar jadvallari bilan mashhur Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk siymolar bor.
Muloqot va kashfiyotlar koʻprigi
Markaz Temuriylar meʼmorchiligi uslubida barpo etilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi asosida yaratilgan. Uning toʻrtta ulkan portali Oʻzbekiston hududlarini ifodalaydi, binolar fasadlari esa nafis naqshlar va xattotlik sanʼati bilan bezatilgan.
Ichki muhit esa zamonaviy yechimlar bilan boyitilgan: multimedia texnologiyalari, sunʼiy intellekt asosidagi interaktiv installyatsiyalar va 3D rekonstruksiyalar orqali tashrif buyuruvchilar vaqt boʻylab sayohat qiladilar.
Shuningdek, majmuada ilmiy tadqiqot markazlari, restavratsiya va raqamlashtirish laboratoriyalari, arxiv saqlash xonalari va kutubxona mavjud boʻlib, uni ham ilmiy muassasa, ham ommaviy muzey sifatida shakllantiradi.

Jahon miqyosida eʼtirof
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi allaqachon xalqaro eʼtirofga sazovor boʻldi. U “Smithsonian Magazine”, “BBC Travel” va “BBC History” kabi nufuzli nashrlar reytinglarida qayd etildi. Shuningdek, u “Prix Versailles” xalqaro mukofoti doirasida “2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari” roʻyxatiga kiritildi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov taʼkidlaganidek:
“Koʻp yillar davomida yurtimiz Prezidenti haqiqiy maʼrifat markazini yaratishni orzu qilgan edilar. Bu maskan xalqimizning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasini namoyon etadi. U butun dunyo olimlari va tadqiqotchilari uchun muloqot maydoniga aylanishiga ishonamiz”.
Tiklanishning tirik ramzi
Markaz ochilishi muqaddas Ramazon oyiga toʻgʻri keldi. 2018-yil aynan shu muborak oyda ushbu yirik loyihaning ilk tamal toshi qoʻyilgan edi. Oradan 8-yil oʻtib, Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz eshiklarini ochmoqda va kelajak avlodlar uchun islom madaniy merosini asrash va tiklashning kuchli ramziga aylanmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring