Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Butun dunyo nurga, goʻzallikka toʻlgan shu dilbar faslda jonajon diyorimizga sharqona yangi yil – Navroʻzi olam kirib kelmoqda.
Bugun bamisoli ikki azim daryo tutashmoqda – Navroʻz bayramini muborak Ramazon hayiti bilan birga nishonlamoqdamiz.
Tabiat uygʻonishi va ruhiy poklanish ramzi boʻlgan mana shunday qutlugʻ ayyomlar bilan sizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida ishlayotgan, tahsil olayotgan vatandoshlarimizni ham muborakbod etib, ularga ezgu salom va tilaklarimizni izhor etaman.
Bayram barchamizga muborak boʻlsin!
Navroʻzi olam diyorimizga tinchlik va baxt olib kelsin!
Aziz doʻstlar!
Bugun bahorni sogʻingan yuraklarimiz yangi kun, yangi hayot shukuhi bilan yashamoqda.
Osmondan obirahmat yogʻilib, daryo va koʻllarimiz suvga toʻlmoqda. Bogʻlarimiz, qir va adirlarimiz oʻt-oʻlanlar bilan qoplanib, yilimiz barakali boʻlishidan darak bermoqda.
Shahar va qishloqlarimiz, vodiy va vohalarimizda sayil-tomoshalar boshlanmoqda.
Yangilanish fasli boʻlgan Navroʻz kunlarida xalqimizning umummilliy birdamligi, bunyodkorlik salohiyati yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Navroʻz qadriyatlariga sodiq boʻlib, millati, tili, dinidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimizni, butun el-yurtimizni rozi qilish yoʻlidagi ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarmoqdamiz. Bu yilgi bayramga “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir”, degan daʼvatkor gʻoya asos boʻlgani ham buning yaqqol tasdigʻidir.
Biz barcha hududlarimizga, qishloq va ovullar, mahallalarimizga Yangi Oʻzbekiston nafasini olib kirish boʻyicha katta harakat boshladik.
Yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ham ulkan qadamlar qoʻymoqdamiz. Yangi-yangi zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari barpo etilmoqda.
Kelgusida bunday qurilishlar koʻlamini yanada kengaytiramiz.
Ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarimizga barchamiz yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz.
Siz, azizlarning elimiz dasturxonini yanada toʻkin va farovon qilishdek ezgu ishlaringizda zafar va omadlar tilaymiz. Chunki, sizlarning olijanob mehnatingiz bilan xalqimizning rizqu nasibasi butun boʻladi. Bu borada davlatimiz, jamiyatimiz sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlaydi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Yangi Oʻzbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar, katta-katta gʻalabalar maydoniga aylanib bormoqda. Yaqinda yoshlarimiz bilan uchrashib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildim. Har bir yoʻnalishda – taʼlim, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport, IT va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo boʻlmoqda. Mana shunday bilimli, joʻshqin va izlanuvchan oʻgʻil-qizlar bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.
Aziz farzandlarim, bugun Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlishdek ulkan baxt va yuksak sharaf sizlarga nasib etmoqda. Qancha-qancha ajdodlarimiz intilib yashagan shu buyuk orzuni roʻyobga chiqarishga sizlar albatta qodirsiz.
Bugungi tinch va osoyishta hayotning, yaratilgan katta imkoniyatlar, ota-onalar, ustoz-murabbiylaringiz mehnatining qadriga yetib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansangiz, bilim va mahoratingizni doimo oshirib borsangiz – kelajak albatta sizniki boʻladi.
Bu yoʻlda sizlarga, butun Oʻzbekiston yoshlariga yana qanday sharoit zarur boʻlsa, barchasini yaratib berishga tayyormiz.
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun deb yashasangiz – Vatan va xalq ham sizni eʼzozlab, boshiga koʻtaradi!
Yangi Oʻzbekistonning oltin avlodi boʻlib, uning zafar bayrogʻini baland koʻtarishdan hech qachon toʻxtamang, aziz farzandlarim!
Qadrli yurtdoshlar!
Mahalla deganda, koʻz oldimizda avvalo ona yurtimizning goʻzal timsoli namoyon boʻladi. Biz Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida yaxshi niyat bilan katta dastur va rejalarni amalga oshirmoqdamiz.
Bu ishlarda oila va jamiyatda tinchlik-totuvlik, oʻzaro mehr-oqibatni mustahkamlash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirish uchun koʻpni koʻrgan otaxon va onaxonlarimiz, “mahalla yettiligi”, faol fuqarolarimiz yaqindan ishtirok etadilar, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan jonkuyar mahalla raislari va faollarini, barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan tabriklab, ularga yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Muhtaram doʻstlar!
Ming yillar davomida xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻprik boʻlib kelayotgan Navroʻzning tinchlik, doʻstlik va hamkorlik gʻoyalari bugungi notinch zamonda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari bu bayramni bir boʻlib, shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. Mana shunday ahillik va totuvlik Yangi Oʻzbekistonimizni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolatidir.
Biz jamiyatimizda millatlar va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Bu borada qoʻshni va qardosh mamlakatlar bilan birga, yagona Markaziy Osiyo ovozi boʻlib, mintaqamizning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Fursatdan foydalanib, davramizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini Xalqaro Navroʻz kuni bilan samimiy qutlab, ularning oʻlkalari va xalqlariga qizgʻin tabriklarimizni yoʻllaymiz.
Qadrli doʻstlar!
Mana shu tarovatli lahzalarda barchangizga, butun el-yurtimizga murojaat qilib aytmoqchiman.
Azizlar, qarang, qanday goʻzal yurtimiz, qanday saxovatli zaminimiz, betakror tabiatimiz bor.
Bu bebaho boyliklarni ming yillar osha asrab-avaylab kelayotgan mehnatkash, oq koʻngil va olijanob xalqimiz bor.
Xudo bizga ato etgan yer-suvimizni, barcha imkoniyatlarimizni qadrlab, ulardan oqilona foydalansak, bir boyligimizga, albatta, oʻn boylik qoʻshiladi.
Shu bois azaliy anʼanalarimizni davom ettirib, koʻchat ekib, bogʻ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada goʻzal va farovon etaylik!
Yaxshi qoʻshnichilik, ahilligimiz va ezgu ishlarimiz bilan yuksak marralarga intilayotgan xalq ekanimizni dunyoga namoyon etaylik!
Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Siz, qadrdonlarimni, butun xalqimizni Navroʻzi olam bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Yangi Oʻzbekiston Navroʻzi – yuksalish va taraqqiyot davri xalqimizga ravnaq va farovonlik ato etsin!
Barcha pok niyatlarimiz amalga oshsin!
Yaratgan Parvardigor jonajon Vatanimizni oʻz panohida asrasin!
Yangi kun, yangi baxt barchamizga muborak boʻlsin!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring