Ubaydulla Uvatov tavalludining 85 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi

21:37 18 Mart 2026 Ilm-fan
525 0

Temuriylar tarixi davlat muzeyida oʻzbek islomshunoslik maktabining zabardast vakili, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov tavalludining 85 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi.

Maʼrifatparvar ajdodlarimiz merosini oʻrganish va uni dunyoga tanitish yoʻlida zahmat chekkan olimlar xotirasini eʼzozlash — maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismidir. Shu maʼnoda, Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan tadbir nafaqat bir inson xotirasiga ehtirom, balki oʻzbek sharqshunoslik va islomshunoslik ilmining sarhisobiga aylandi.

Tadbirni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yoʻldoshev kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, Ubaydulla Uvatovning insoniy fazilatlariga alohida toʻxtaldi. Notiq oʻz xotiralari orqali olimning nafaqat ilm sohasidagi, balki kundalik hayotdagi kamtarligi, ziyolilik madaniyati va atrofdagilarga boʻlgan yuksak eʼtiborini yodga oldi.

Shundan soʻng ishtirokchilar eʼtiboriga havola etilgan maxsus videorolikda olimning yoshlik yillaridan boshlab, ilm-fanning yuksak choʻqqilarini zabt etguniga qadar boʻlgan mashaqqatli va sharafli yoʻli gavdalandi.

Kecha doirasida olimning hayoti va ilmiy faoliyatiga bagʻishlangan “Munavvar hayot va ilm sohibi” kitobining taqdimoti oʻtkazildi. Ushbu kitob Ubaydulla Uvatovning boy maʼnaviy olamini anglashda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva olimning ilmiy izlanishlari haqida gapirib, shunday dedi:

“Ubaydulla Uvatov nafaqat nazariy bilimlar egasi, balki amaliyotchi olim edi. Uning arab tili, tarix va manbashunoslik sohasidagi tadqiqotlari bugungi yosh sharqshunoslar uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda. Universitetimizda ustozning nomini abadiylashtirish maqsadida alohida oʻquv xonasi ochishni rejalashtirganmiz”.

Ishtirokchilar tomonidan ustozning ayniqsa arab tili va tarjimonlik sohalaridagi xizmatlari alohida eʼtirof etildi. Ubaydulla Uvatov buyuk muhaddislarimiz — Imom Buxoriy va Imom Termiziylarning hayoti va ilmiy merosini xalqimizga tushunarli tilda yetkazib berishda beqiyos ishlarni amalga oshirgan.

Professorning ilmiy faoliyati faqat kitob yozishdan iborat boʻlmagan. U yuzlab shogirdlar tarbiyalagan fidoyi ustoz sifatida ham tanilgan. Xotira kechasida soʻz olgan shogirdlari ustozning har bir darsda nafaqat bilim, balki hayotiy odob-axloq oʻrgatganini soʻzladilar.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamkorligida yuksak saviyada tashkil etildi.

Ubaydulla Uvatovdek olimlarning maʼnaviy merosi vatanparvarlik va ilmga sadoqat timsoli boʻlib qolaveradi. Zero, ilm ahliga koʻrsatilgan ehtirom — millatning oʻz kelajagiga boʻlgan yuksak eʼtibori ifodasidir.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?