Misrning yuzga yaqin dori vositasi Oʻzbekistonda mahalliylashtiriladi

20:43 18 Mart 2026 Jamiyat
292 0

Illyustrativ foto

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov, Oʻzbekistonning “Dentafil” kompaniyasi hamda Misrning ACDIMA farmatsevtika guruhi rahbariyati oʻrtasida onlayn muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Maʼlum qilinishicha, muloqotning bosh mavzusi ikki mamlakat korxonalari oʻrtasida ishlab chiqarish borasidagi hamkorligini rivojlantirish, texnologiyalar transferi va yuzga yaqin dori vositalarini Oʻzbekistonda mahalliylashtirish masalalari boʻlgan.

Foto: “Dunyo”

Tomonlar hamkorlikning navbatdagi bosqichida misrlik ishlab chiqaruvchilar va mutaxassislardan iborat delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olgan. Taʼkidlanishicha, tashrif doirasida mahalliy korxonalarning texnologik imkoniyatlari oʻrganiladi va ishlab chiqarish uchun ustuvor boʻlgan mahsulot turlari belgilanadi.

Loyihaning strategik maqsadi sifatida 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda dori vositalarini mahalliylashtirish darajasini 40 foizga yetkazish belgilangan. Shu munosabat bilan, moliyaviy takliflar va iqtisodiy hisob-kitoblarni tayyorlashda xalqaro tajribadan samarali foydalanish zarurligi qayd etilgan.

Misr tomoni loyihani amalga oshirishda har tomonlama koʻmak berishga tayyorligini bildirib, Oʻzbekiston delegatsiyasini Qohiradagi ishlab chiqarish obyektlari bilan tanishish uchun taklif qilgan.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning amaliy bosqichlarini batafsil muhokama qilish maqsadida yaqin kunlarda navbatdagi onlayn muloqotni oʻtkazish boʻyicha kelishib olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?