Bitiruvchilar uchun uch yil ishlab berish talabi bekor qilinishi mumkin

13:36 18 Mart 2026 Hujjatlar
371 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonda oliygohlarni davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilar uchun belgilangan kamida uch yil ishlab berish talabi bekor qilinishi mumkin. Bu “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qaror loyihasida nazarda tutilgan.

Taklifga koʻra, oliy taʼlim muassasalarida davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlangan kadrlarni kamida uch yil majburiy ishlab berish sharti bilan taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarga taqsimlashning amaldagi tartibi oʻzgartiriladi. Yaʼni qarordagi “kamida uch yil” jumlasi oʻrniga “majburiy” soʻzini kiritish taklif qilingan.

Uning oʻrniga bitiruvchining ishlab berish muddati taʼlim yoʻnalishi xususiyatidan kelib chiqib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan alohida belgilanishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, hujjatda amaldagi qarorning yana bir qator bandlariga texnik oʻzgartirishlar kiritilishi ham nazarda tutilgan. Xususan, bitiruvchilarni “doimiy yashash joyi” boʻyicha ishga taqsimlash tartibi “yashash joyi” degan soʻzlar bilan almashtirilishi taklif qilingan.

Qaror muhokamasi joriy yilning 26-mart kuniga qadar davom etishi belgilangan. Hujjat maʼqullansa, u eʼlon qilingan kundan boshlab rasman kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?