Yadro fizikasi: ezgulik yoʻlidagi ilmiy yutuqlar

17:16 17 Mart 2026 Ilm-fan
270 0

1954-yil Obninsk shahrida dunyoda birinchi atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish mumkinligini yaqqol koʻrsatib berdi. Oradan ikki yil oʻtgach, Dubna shahrida Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti, sentyabr oyida esa Toshkentda Yadro fizikasi instituti tashkil etildi. Bugun esa oʻzbekistonlik olimlar yadro fizikasi borasidagi ilmiy tadqiqotlarini metallurgiya sanoatiga, tibbiyotda insonlar hayotini saqlab qoluvchi bebaho malhamlar, dorilar yaratishga yoʻnaltirmoqda. Umuman olganda yadro fizikasi biz oʻylagandan koʻra, murakkab va istiqbolli soha. Bu haqda Markaziy Osiyoda eng yirik ilmiy markazlardan biri hisoblangan OʻzFA Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Ismoilovich Sodiqov quyidagilarni soʻzlab berdi.

-Ixtiyorimizda oltita noyob yadro-fizikaviy qurilma, 14 ta eng zamonaviy asbob-uskunalar mavjud. Ana shu imkoniyatu ilmiy faoliyat uchun yetarli shart-sharoitlar Markaziy Osiyodagi boshqa ilmiy dargohlarda yoʻq. Chunki 2018-yil davlatimiz rahbarining institutimizga qilgan tashriflaridan soʻng u kishining bevosita eʼtibori tufayli faoliyatimiz mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Rosti oʻshanda, hayotini shu soha rivojiga bagʻishlagan oʻnlab olimlarning koʻzidan yosh qalqqan edi. Chunki institutning moddiy- texnik ahvoli 2016-yil juda nochor ahvolga tushib qolgan, koʻpchilik ishxonasidan koʻngli boshqa joylardan ish qidirishga tushib qolgan edi-da. Bugun yadro energetikasi, qattiq jismlar fizikasi va materialshunoslik, radiokimyo va yadro analitika, ilmiy asbobsozlik yoʻnalishlaridagi ilmiy tajribalar va yutuqlarimiz respublikamiz va undan tashqarida ham keng amaliyotga tatbiq etilmoqda. Masalan, neft-kimyo va togʻ-kon sanoatida texnologik nazorat qurilmalarini takomillashuvi, sanoat chiqindilaridan oltin va kumush qoldiqlarini ajratib olish borasidagi amaliy ishlarimiz yuqori natija koʻrsatdi. NKMK, OKMK, OʻzQQCHM singari yirik korxonalar bilan uzviy hamkorlik oʻrnatgan holda asosiy ishlab chiqarishga qoʻshimcha ravishda oʻta toza skandiy, reniy, tellur, palladiy va boshqa metallarni ajratib olish texnologiyalarini ishlab chiqdik. Hech shubha yoʻqki, bu saʼy- harakatlarimiz kelgusida iqtisodiyotimizga bir necha million emas, balki bir necha milliard dollarlik manfaat keltiradi.

Yana bir gap. Onda -sonda boʻlsa-da,ayrim kishilar radioaktiv moddalar savdosiga aralashib qolyapti. Buni shunchaki biznes-da, deydiganlar ham yoʻq emas. Shu bois mutaxassislarimiz kontrabanda materiallar ekspertizasini yuksak aniqlik va tezkorlik bilan oʻtkazishda, bu boradagi nazoratni yanada kuchaytirishda, radioaktiv chiqindilarni yigʻib olish va koʻmish ishlarini yuqori darajada tashkil etishda tegishli idoralar bilan jiddiy eʼtibor qaratgan. Yadro materiallarning noqonuniy aylanishi oldini olish maqsadida, ularning oz miqdorini ham aniqlash imkonini beruvchi tizim yaratildi. Ayni paytda tibbiyot sohasida import oʻrnini bosuvchi radiodiagnostik va radioterapevtik mahsulot ishlab chiqarish biz uchun koʻproq manfaat keltirmoqda. Radiatsiya va kimyoviy zararsizlantirish, turli kasalliklarda mikroelementlar rolini aniqlovchi uslublar yaratildi. Bu sohada muassasamiz azaldan nafaqat Markaziy Osiyo yoki MDH hududida, balki dunyoda ham yetakchidir. Chunki bizda radiokimyo maktabi yaxshi rivojlangan va shu sohadagi salohiyatimizni yanada koʻtarishga intilyapmiz. Ayni chogʻda esa radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish borasida institutimizni dunyoning eng yaxshi oʻnta tashkiloti roʻyxatidan topishingiz mumkin. Olimlarimiz ogʻir xastaliklarga qarshi tura oladigan 15 ta radioizotop asosida 60 ga yaqin oʻta qimmat radiofarmatsevtik dori vositalarini kashf etishgan va bu vositalar yurtimizdagi oltita klinikada onkologik kasalliklarda samarali qoʻllanmoqda. Agar aniqroq aytadigan boʻlsam,mahsulotlarimizdan biri “Lyutetsiy-177-PSMA-617” dori vositasi prostata bezi saratonini davolashda yuqori samara bermoqda. Masalan,Toshkentdagi “Nano medikal” klinikasida shu radiofarmatsevtik dori bemorda qoʻllanib 92 foiz ijobiy natija berdi. “Samariy-153-Oksabifor” preparatini olaylik. Bu malham suyak metastazasidagi ogʻriqni butunlay qoldiradi, oʻsimtani jilovlaydi. “Yod-131” izotopi ham tengsiz dori, uni ham oʻzimiz ishlab chiqaryapmiz. Samaradorligi juda baland. Aslida radiofarmatsevtik preparatlar bilan davolash dunyoda juda qimmatga tushadigan muolaja hisoblanadi. Lekin biz mahsulotlarimizni mahalliy klinikalarga ancha arzon narxlarda yetkazib berilyapti. Aytaylik, yuqorida aytilgan suyak saratonini davolash va ogʻriqsizlantirishda ishlatiladigan “Samariy-153 oksabifor” dorisining bitta dozasi Yevropa davlatlarida 2,5 ming yevro, boshqa mamlakatlarga 2 ming 700 yevrodan sotiladi. Biz shu dorini mahalliy klinikalarga 60 yevroning soʻmdagi ekvivalentida, yaʼni 700 ming soʻmdan yetkazib beryapmiz. Hatto, chet eldagi hamkasblarimiz ham mazkur dorilarni bunday narxda sotish mumkinligiga ishonishmaydi. Lekin bu fakt.

Yana bir misol, dunyo boʻyicha ishlatilayotgan va ishlab chiqarilayotgan “Yod-125” radioizotopining 80 foizi bizning instituti qoshidagi Radiopreparat korxonasida ishlab chiqarilyapti. Bu dunyodagi eng qimmat dorilardan biri hisoblanadi. Lekin hamma shuni sotib olyapti. Nimaga? Chunki bizning mahsulotimiz tozaligi boʻyicha eʼtirof topgan chet mahsulotiga nisbatan 10 ming marta toza. Nasib etsa, kelgusida ilmiy yutuqlarimiz ham eksport salohiyatimiz ham oʻn karra, yuz karra oshadi. Buni davrning oʻzi talab qilmoqda. Faqat barchasi tinchlik, osoyishtalik, inson kamoloti, uning farovonligiyu salomatligi yoʻlida.

Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?