Qozogʻistonda yangi Konstitutsiya boʻyicha referendum oʻtkazilmoqda

13:23 15 Mart 2026 Dunyo
563 0

Foto: Aqorda 

Qozogʻistonda bugun, 15-mart kuni yangi Konstitutsiyani qabul qilish boʻyicha umumxalq referendumi oʻtkazilmoqda. Ushbu referendumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmonni prezident Qasim-Jomart Toqayev 2026-yil 11-fevralda imzolagan.

Mamlakat boʻylab 10 mingdan ziyod saylov uchastkalarida tashkil etilgan ovoz berish jarayonida fuqarolar yangi Konstitutsiya loyihasini qoʻllab-quvvatlash yoki rad etish masalasi boʻyicha oʻz pozitsiyasini bildirmoqda. Ushbu yangi hujjat davlat boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish va siyosiy institutlarni isloh qilishga qaratilgan.

Foto: Aqorda
Foto: Aqorda

“Kazinform” maʼlumotiga koʻra, referendumda ishtirok etish huquqiga ega saylovchilar soni 12,4 milliondan ortiqni tashkil etmoqda. Agar yangi Konstitutsiya referendumda qabul qilinsa, uni qabul qilingan sana Qozogʻiston Konstitutsiyasi kuni sifatida belgilanishi mumkin.

Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham yangi Konstitutsiya loyihasi boʻyicha oʻtkazilayotgan umummilliy referendumda ovoz berdi. Aqorda xabariga koʻra, davlat rahbari Ostona shahridagi Bolalar saroyida joylashgan 51-saylov uchastkasida ovoz berish jarayonida ishtirok etgan.

Foto: Aqorda

Ovoz berganidan soʻng prezident mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazdi. Toqayev oʻz chiqishida mazkur referendum mamlakat taraqqiyoti uchun alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Foto: Aqorda

Uning soʻzlariga koʻra, Konstitutsiya fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlovchi tarixiy hujjat hisoblanadi. Yangi Konstitutsiya mamlakatning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga xizmat qiladi. Prezident shuningdek, 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Konstitutsiya oʻz vazifasini bajarganini, ammo vaqt talabidan kelib chiqib yangi Asosiy qonun qabul qilish zaruriyati tugʻilganini qayd etdi.

Toqayev yangi Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda shaxsan ishtirok etganini, jumladan, muqaddima va ayrim moddalar matnini shaxsan taklif qilganini bildirdi. U yangi Asosiy qonun mamlakat va uning kelajagi manfaatlariga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, prezident brifing davomida konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsad va vazifalari, shuningdek xalqaro kun tartibiga oid qator savollarga javob bergan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?