Qiyinchiliklarda toblangan, ichki kuch va ogʻriqlarni jilovlay olgan — “Inson”

21:17 13 Mart 2026 Madaniyat
962 0

Bugun, 13-mart kuni Toshkent shahrida joylashgan “Renessans Holl” majmuasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yaratilgan “Inson” filmining ikkinchi soni premyerasi boʻlib oʻtdi. Filmning ilk sonida Namangan viloyatida yashovchi nogironligi boʻlgan shaxsning hayotiy sinovlarga qaramay namoyon etgan haqiqiy jasorati va matonati haqida soʻzlovchi taʼsirli kartina yaratilgan edi.

Bu safar esa qoraqalpogʻistonlik yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan uch nafar bolaning dastlab mehribonlik uyida tarbiyalanib, keyinchalik kichik hajmdagi oilaviy bolalar uylarida ulgʻaygani, ularning hayot yoʻli va orzu-intilishlari taʼsirli tarzda yoritib berilgan.

Kartina real voqealar asosida yaratilgan boʻlib, ogʻir sinovlarni boshdan kechirgan, ammo taslim boʻlmay, oldinga intilayotgan yetim va ota ona qarmogʻidan mahrum boʻlgan bolalar taqdirini ochib beradi. Asar markazida koʻpincha jamiyat eʼtiboridan chetda qolib ketadigan, biroq oʻz hayoti va kurashi bilan boshqalarga saboq bera oladigan insonlar turibdi.

Filmning eng taʼsirli jihati shundaki, unda aktyor sifatida aynan shu voqealarni boshidan oʻtkazgan insonlarning oʻzi ishtirok etadi. Ular oʻz hayotini, oʻz ogʻrigʻi va gʻalabasini oʻzlari ifoda etadi.

“Inson” filmining ikkinchi soni oddiy insonlarning hayoti, his-tuygʻulari, qiyinchiliklari va yutuqlari haqida hikoya qiluvchi taʼsirli asar hisoblanadi. Unda mehr-oqibat, qoʻllab-quvvatlash va ichki kuch orqali inson qadr-qimmati qanday namoyon boʻlishi batafsil yoritiladi.

Mazkur kartinaning ilk soni 2025-yilda namoyish etilgan boʻlib, unda “Ikki taqdir, bir makon: oʻxshash ogʻriqlar, sinovlarda yengilmagan chegarasiz insonlar. Baxt asl maqsadini unutmasdan harakatda davom etuvchilarni sevadi” gʻoyasi ilgari surilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?