Achchiq, ammo ochiq gap: Musavvirlar qachon boshpanaga yolchiydi?
Respublika Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Rahim Hakimov katta hayotiy tajribaga ega. Uning izlanishlari tufayli qadimiy “ebru bahor” sanʼatida yangi usul paydo boʻldi. Rassom uni “Naqshi abri — Buxoro” deya nomladi. Gap shundaki, Turkiya, Niderlandiya, Fransiya kabi davlatlardan tushgan takliflarga koʻra, ushbu mamlakatlarda shaxsiy koʻrgazmasini tashkil etgan musavvirning yuzdan ziyod asarlari ayni damda uyning zax yertoʻlasida, talabga umuman javob bermaydigan sharoitda saqlanmoqda.
— Butun umrimni tasviriy sanʼatga bagʻishladim, — deydi keksa rassom. — Oʻz asarlarim vositasida yurtimizni dunyoga tanitish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalash, ulardagi vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish kabi xayrli ishlarga baholi qudrat hissa qoʻshib kelyapman. Ammo musavvirlar uchun shu paytga qadar sayyohlar qadami qishin-yozin uzilmaydigan Buxorodek shahri azimda koʻrgazmalar zali hamda ustaxonalarni oʻzida jamlagan bir markazning yoʻqligi achinarlidir. Shu bois, asarlarimni uy yertoʻlasida saqlashga majbur boʻlyapman. Hatto uyushmamizning ham tuzukroq boshpanasi yoʻq. Eʼtiborsizlik bundan ortiq boʻlishi mumkinmi?
Shu oʻrinda, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini eslashga toʻgʻri keladi. Unda Badiiy ijodkorlar uyushmasi boʻlimlarining ijodiy ustaxonalari faoliyatini takomillashtirish, moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ham koʻzda tutilgan.

— Shunga koʻra, hududiy boʻlimlarda galereyalar tashkil etish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida yurtimizning barcha viloyatlarida tegishli ishlar amalga oshirildi, — deydi uyushmaning viloyat boʻlimi rahbari Obid Mavlonov. — Lekin murojaatlarimizga qaramasdan bu muammo Buxoroda oʻz yechimini topgani yoʻq.
Yana bir muammo shundaki, rassomlarning asarlari Buxoro davlat muzeylari jamlamalariga sotib olinmayapti. Musavvirlarga panja orasidan qarab kelinmoqda. Boz ustiga, ular oʻz ijod namunalarini eski shahardagi kichkina hujralarda yoki xonadonlarda koʻrsatib kelishayotir. Bu noqulaylik milliy tasviriy sanʼatimizni dunyoga tanitishga, tomoshabinga haqiqiy estetik zavq ulashishga xalal beryapti, xorijdan kelayotgan sanʼat ixlosmandlari oldida xijolat chekishga sabab boʻlmoqda.
Vaholanki, viloyatda Badiiy ijodkorlar uyushmasining 66 nafar aʼzosi bor. Tasviriy amaliy sanʼatga ixtisoslashtirilgan maktab-internatdan tashqari oʻndan ziyod sanʼat maktablarida rassomlik yoʻnalishlari mavjud va ularda yuzlab iqtidorli yoshlar tahsil olishyapti. Ular birin-ketin mehnat bozoriga kirib kelmoqda.

— Davlatimiz hamda oilasining sarmoyasi evaziga poytaxtimizda tasviriy sanʼat yoʻnalishida saboq olgan yoshlarni aytmaysizmi? — deydi uyushma aʼzosi Raʼno Eshonqulova. — Buxoroga kelgandan keyin ular shu kabi muammolarga roʻbaroʻ boʻlmoqda. Qaysi biri koʻchalarda suvenir darajasidagi rasmlar chizib sotish bilan mashgʻul, qay biri poytaxtga ijod qilgani ketyapti. Yana kimdir noilojlikdan kasbini oʻzgartiryapti. Vaholanki, bu yosh rassomlar ajoyib asarlar yaratishi, shu orqali tasviriy sanʼatimiz dovrugʻini jahonga yoyishga oʻz hissasini qoʻshishi mumkin edi. Biz galereya barpo etish, musavvirlarning ijod qilishlari uchun risoladagidek shart-sharoitlar yaratish yuzasidan viloyat mutasaddilariga koʻp bor murojaat etganmiz, takliflar bildirganmiz.
— Ammo bu gaplar ularga chivin chaqqanchalik taʼsir qilgan emas, — deya afsus bilan taʼkidlaydi Rahim Hakimov. — Vaʼdani quyuq berishdan nariga oʻtishmayapti. Ellik yildan buyon viloyat, shaharga qanchadan-qancha kishi rahbar boʻldi. Lekin dardimizni quduqqa aytganimiz qoldi, xolos. Bizning-ku, yoshimiz ancha ulugʻ, ammo “Ustoz, mashgʻulotlarni qachon boshlaysiz?”, deya har kuni soʻzimga ilhaq shogirdlarni oʻylab tashvish tortaman. Toʻgʻri, Olimjon madrasasidagi ustaxonamiz yopilgach, Mulla Muhammad Payraviy masjididan boshpana sifatida foydalanardim. Lekin tashlandiq holdagi bu qadimiy goʻshani risoladagidek holga keltirish uchun ham 20 — 25 million soʻm mablagʻ sarflashga toʻgʻri keladi.
Darvoqe, Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat boʻlimiga yaqinda madaniy meros obyekti — qadimiy Quyi xonaqoh masjidi boshpana sifatida ajratilibdi. Masjiddagi ayvondan galereya sifatida foydalanilar ekan. Aftidan soha masʼullari “Shundan ham quruq qolmaylik”, deya bu qadamjoni boshpana tutishga rozi boʻlishgan. “Qadamjo” deyishimiz bejiz emas. Masjid yonida qaysidir bir avliyoning qabri va yana sagʻanalar bor. Mutasaddilar “Musavvirlar bu joyda yaxshi kayfiyat bilan ijodiy suhbatlar qurishadi, diydorlashishadi, koʻrgazmalarini tashkil etishadi”, deb oʻylashgan shekilli-da. Tagʻin bilmadik...
Xullas, namunali zamonaviy galereya, badiiy koʻrgazmalar zallari, ijodiy ustaxonalar, xalqaro anjumanlar oʻtkaziladigan sanʼat va madaniyat markazi buxorolik musavvirlar uchun shirin orzuligicha qolmoqda.
Biz esa bu mavzuga yana qaytamiz.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring