Samarqandda qoʻlbola alkogol ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh qilindi

16:44 12 Mart 2026 Jamiyat
222 0

Samarqand viloyatida qalbaki alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda fuqaro S.R. Samarqand tumani, “Angarolmas” MFY hududidagi xonadonida yashirin sex tashkil etib, qalbaki alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotganligi aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida ushbu xonadondan 1 172 dona qalbaki aksiz marka, 12 turdagi qalbaki aksiz markali alkogol, 2 323 dona shisha qopqoqlari, ishlab chiqarish uskunasi va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?