Toshkentda Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni munosabati bilan matbuot anjumani oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Bugun, 11-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tashabbusi hamda qator manfaatdor vazirlik va idoralar hamkorligida “Isteʼmolchi huquqlari – adolatli bozor va kuchli jamiyat kafolati” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbirda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, mamlakatda adolatli va shaffof bozor muhitini shakllantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Matbuot anjumanida soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etib, isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari bilan tanishdilar.

Bugungi kunda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimida 14 ta hududiy birlashma hamda 208 ta tuman (shahar) jamiyatlari faoliyat yuritmoqda. Tashkilot tizimida jami 1 216 nafar xodim mehnat qilmoqda. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda 1 354 ta tayanch guruh tashkil etilgan boʻlib, ularning aʼzolari soni 4 milliondan ortiqni tashkil etadi.
Shuningdek, isteʼmolchilarning murojaatlarini tezkor qabul qilish va koʻrib chiqish maqsadida 2015-yildan buyon “1091” qisqa raqamli ishonch telefoni, “istemol.uz” saytidagi virtual qabulxona hamda “PotrebitelUz_bot” Telegram boti orqali murojaatlar qabul qilinib kelinmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Federatsiyaga 138 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 94 foizi ijobiy hal etilgan. Natijada isteʼmolchilar foydasiga 326,5 milliard soʻmlik zarar qayta hisob-kitob qilingan. Isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga 1 833 ta daʼvo arizasi kiritilib, ular asosida 70,9 milliard soʻm mablagʻ sud qarorlari orqali undirilgan. Nazorat organlari orqali koʻrib chiqilgan 1 636 ta murojaat natijasida esa isteʼmolchilar foydasiga 879,8 million soʻm miqdoridagi zarar qoplab berilgan.


Hozirda federatsiya tomonidan turli sohalarda jamoatchilik nazorati doirasida monitoringlar oʻtkazilib, aniqlangan muammolar boʻyicha tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga takliflar kiritib kelinmoqda. Jumladan, xalqaro hamkorlik yoʻnalishida qator davlatlarning turdosh tashkilotlari bilan memorandumlar imzolangan. Federatsiya tashabbusi bilan Toshkent va Samarqand shaharlarida Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilari forumi, Xorazm viloyatida “Sayyoh – 2021” xalqaro forumi hamda 2024-yilda Samarqand shahrida xalqaro maslahat yigʻilishi oʻtkazilgan. Federatsiya faoliyati yuqori baholanib, 2020-yilda “Eng faol jamoatchi tashkiloti” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi hamda 2024-yilda “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, aholi oʻrtasida isteʼmol madaniyatini oshirish maqsadida Federatsiya muassisligida “Isteʼmol madaniyati” gazetasi nashr etiladi hamda “Isteʼmolchilar uyi” loyihasi doirasida hududlarda zamonaviy markazlar barpo etilmoqda.


Mutaxassislar taʼkidlaganidek, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda yana bir muhim omillardan biri ularning toʻliq va ishonchli axborot olish huquqidir. Xaridor mahsulotning tarkibi, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ishlab chiqaruvchi toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotlardan xabardor boʻlishi lozim. Bunday ochiq va shaffof axborot isteʼmolchiga ongli va toʻgʻri tanlov qilish imkonini yaratadi, shu bilan birga bozorda halol raqobat muhitining shakllanishiga xizmat qiladi. Isteʼmolchi turli sabablarga koʻra zarar koʻrgan taqdirda oʻz huquqlarini tiklash imkoniyatiga ega boʻlishi zarur. Bu jarayonda davlat organlari, sud tizimi hamda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi kabi jamoat tashkilotlarining oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi. Federatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga koʻmaklashish bilan birga, tadbirkorlik subyektlarini ham masʼuliyatli va qonuniy faoliyat yuritishga undamoqda.
Matbuot anjumanida aynan shu kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, isteʼmolchilar manfaatlarini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.


Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, 2025-yil yakunlariga koʻra, Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari tomonidan jami 14 834 ta murojaat koʻrib chiqilgan boʻlib, ularning 90 foizdan ortigʻi ijobiy hal etilgan, isteʼmolchilar foydasiga 85,2 milliard soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilingan. Sudlarga kiritilgan 193 ta daʼvo arizasi asosida 21,7 milliard soʻm moddiy va maʼnaviy zarar isteʼmolchilar foydasiga undirilishi taʼminlangan. Kommunal xizmatlar sohasida olib borilgan oʻrganishlar natijasida yuz minglab abonentlarga asossiz hisoblangan 21,3 milliard soʻm qarzdorlik bekor qilinishiga erishilgan. Andijon viloyatida ichimlik suvi boʻyicha 27 milliard soʻmlik noreal qarzdorlik billing tizimidan chiqarilgan. Hisobot davrida ichki bozorda tovar va xizmatlar sifati hamda xavfsizligini taʼminlash yuzasidan 187 ta jamoatchilik monitoringi oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi xalqaro maydonda ham faol ishtirok etib, 2018-yildan buyon Consumers International tashkilotining toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi. Tashkilot oʻtgan yilda BMTning UNCTAD tomonidan oʻtkazilgan 9-konferensiyada ishtirok etib, “World Trade Organization” rahbariyati bilan uchrashuvda global savdo jarayonlarida isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilgan. Bundan tashqari, Belarus, Xitoy va Qozogʻiston isteʼmolchilar tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, transchegaraviy murojaatlarni koʻrib chiqish, elektron savdo va mediatsiya mexanizmlarini rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan.



Matbuot anjumani doirasida “15-mart – Xalqaro isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish kuni” munosabati bilan Federatsiya tomonidan bir guruh xodimlarga “Isteʼmolchilar huquqi himoyachisi” koʻkrak nishonlari topshirildi. Tadbir yakunida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlari, raqamli platformalar orqali murojaatlarni koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish, elektron savdo sharoitida isteʼmolchilar manfaatlarini taʼminlash, sudgacha nizolarni hal etish institutini rivojlantirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashilib, jurnalist va blogerlarning savollariga atroflicha javob berildi.


Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring