Ijtimoiy tarmoqlardagi “kislotali bulutlar” haqidagi xabarlar rad etildi

13:55 09 Mart 2026 Jamiyat
560 0

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va turli guruhlarda Eron hududida goʻyoki “kislotali bulutlar” shakllangani hamda ular tez orada mintaqamizga yogʻingarchilik olib kelishi haqida vahimali xabarlar tarqaldi. Gidrometeorologiya xizmati agentligi ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, fuqarolarni xotirjamlikka chaqirdi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, kislotali yogʻinlar hosil boʻlishi uchun atmosferada oltingugurt va azot oksidlari juda uzoq vaqt davomida toʻplanishi va suv bugʻi bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi kerak. Bunday jarayonlar faqat yirik sanoat markazlarining bevosita yaqinida sodir boʻlishi mumkin.

“Havo massalari uzoq masofalarga koʻchishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi atmosferadagi turbulentlik va aralashish taʼsirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yogʻinlar shakllanishi deyarli imkonsiz”, — deyiladi Oʻzgidromet xabarida.

Meteorologik kuzatuvlar va havo sifati monitoringi shuni koʻrsatmoqdaki, hozirda Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar hududiga biron-bir zaharli bulutlar koʻchib oʻtish xavfi mavjud emas. Yogʻingarchilik jarayonlari mahalliy bulut hosil boʻlishi bilan bogʻliq boʻlib, ular hudud ustidagi suv bugʻlari hisobiga shakllanadi.

Agentlik ijtimoiy tarmoq faollari va OAV vakillarini tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Eslatib oʻtamiz, amaldagi qonunchilikda aholi oʻrtasida vahima chiqarishga qaratilgan yolgʻon maʼlumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?