“Arsenal”, “Chelsi” va “Manchester Siti” keyingi bosqichga yoʻl oldi

10:08 08 Mart 2026 Sport
715 0

Kecha, 7-mart kuni Angliya futbol assotsiatsiyasi kubogi musobaqasining nim chorak final bosqichi oʻyinlari davom ettirildi. Kun doirasidan oʻrin olgan dastlabki bahsda Premyer liga yetakchisi “Arsenal” jamoasi Angliya uchinchi divizionida 16-oʻrinni egallab turgan “Mansfild” klubi mehmoni boʻldi.

Oʻyin oldidan mehmonlar ustozi Mikel Arteta kutilganidek jiddiy oʻzgarishlarni amalga oshirdi. David Rayya, Vilyam Saliba, Pyero Inkapye, Bukayo Saka, Eberechi Eze, Viktor Gyokeresh, Deklan Rays kabi jamoa yetakchilari zaxirada qoldirildi yoki umuman qaydnomaga kiritilmadi.

Ushbu futbolchilarning oʻrni esa zaxira darvozaboni Kepa Arrisabalaga, Gabriel Jezus, Marli Salmon, Maks Dovman, Kristian Nyorgord kabi futbolchilar bilan toʻldirildi.

Uchrashuv 2:1 hisobida “kanonirlar”ning gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda kiritilgan gollarga gʻoliblar safidan Eberechi Eze va Noni Madueke mualliflik qildi. Mezbonlarning yagona javob goli esa Vill Evans hisobiga yozildi.

Nim chorak finalning yana bir bahsida Londonning “Chelsi” klubi ikkinchi divizionda oltinchi oʻrinni egallab turgan “Vreksʼhem” jamoasi mehmoni boʻldi.

“Arisokratlar” ham muhim oʻyinlar oldidan ushbu bahsda bir qator rotatsiyalarni amalga oshirdi. Jumladan, Mark Kukurelya va Joao Pedro zaxirada qoldirildi. Romeo Lavia esa bahsni asosiy tarkibda boshladi.

Oʻyin kutilmagan holat bilan boshlandi. Yaʼni, dastlabki golni ikkinchi divizion vakili kiritdi. “Vreksʼhem”ning ushbu goliga Sem Smit mualliflik qildi. 40-daqiqada mezbonlar futbolchisi Artur Okonkvo oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. Shu tariqa bahsning birinchi boʻlimi 1:1 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 78-daqiqasida Kallum Doyl “Vreksʼhem”ning ikkinchi golini kiritdi. Oradan 4 daqiqa oʻtib Josh Acheampong hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa bahsning asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlandi.

Shundan soʻng jamoalar ekstra taymlarda oʻz omadini sinab koʻrdi. Bunda esa omad “aristokratlar”ga kuldi. 96-daqiqada Alexandro Garnacho jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Hakam tomonidan ikkinchi ekstra taymga qoʻshib berilgan daqiqalarda Joao Pedro “Chelsi”ning toʻrtinchi golini kiritdi.

Kunning soʻnggi oʻyinida esa “Manchester Siti” jamoasi safarda “Nyukasl” mehmoni boʻldi. Barcha grandlar kabi “Manchester Siti“ ham ushbu oʻyinda qator oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Erling Xoland, Antuan Semeno, Janluiji Donnarumma, Ruben Diash, Rodri kabi futbolchilar zaxirada qoldirildi. Savinyo, Omar Marmush, Jeremi Doku va Abduqodir Husanov esa oʻyinni asosiy tarkibda boshladi.

Uchrashuv 1:3 hisobida “Manchester Siti”ning gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda hisob 18-daqiqada mezbonlar futbolchisi Xarvi Barns tomonidan ochildi. 39-daqiqada Savinyo hisobni tenglashtirdi. Birinchi boʻlim 1:1 hisobida tugadi.

Ikkinchi boʻlimda Omar Marmush 2 ta gol kiritgan holda jamoasiga gʻalaba taqdim etdi. Shu tariqa “shaharliklar” musobaqaning nim chorak final bosqichiga yoʻl oldi.

Oʻyindan soʻng “Sofascore” tahliliy portali futbolchilarning ushbu oʻyindagi harakatlarini baholadi. Unga koʻra, eng yuqori ball 2 ta gol muallifi Omar Marmushga berildi. Uning harakatlari 8 ballga baholandi. Ahamiyatlisi, ushbu roʻyxatda ikkinchi oʻrin Abduqodir Husanovga nasib etdi. Uning harakatlari portal tomonidan 7,8 ballga baholandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?