Rossiya–AQSH urushi, Putinning agʻdarilishi va oʻzga sayyoraliklar bilan muloqot: Vanganing bashoratlari yana dunyo eʼtiborida

12:04 05 Mart 2026 Dunyo
746 0

Koʻzi ojiz bashoratchi Baba Vanganing 2026-yilga doir qator xavotirli taxminlari dunyo etiborini qayta oʻziga qaratmoqda. Aytilishicha, u global mojaro, ekologik ofatlar va insoniyatning yerdan tashqari aql-zakovat bilan ilk aloqasi kabi hodisalarni bashorat qilgan.

Manbalarga koʻra, Baba Vanga 2026-yilda dunyodagi kuchlar muvozanati oʻzgarishi bilan birga vayronkor urush boshlanishi mumkinligini aytgan. Xalqaro maydondagi keskinlik ortib borayotgani, Yaqin Sharqdagi toʻqnashuvlar kuchaygani va Yevropadan Kiprga harbiy kemalar yuborilayotgani uning bashorati ayrimlar nazarida amalga oshib borayotgandek koʻrinmoqda. Shu bilan birga, u ekologik falokatlar avj olishi va sunʼiy intellekt nazoratdan chiqishi mumkinligi haqida ham ogohlantirgani iddao qilingan.

Baba Vanga avval ham ayrim voqealarni “oldindan aytgani” bilan mashhur. Masalan, baʼzi insonlar uning bashoratlari amalga oshishini Uels malikasi Diananing vafot etgani kabi hodisalar bilan bogʻlaydi. 2026-yilga oid taxminlar hali tasdiqlanmagan boʻlsa-da, uning ehtimoliy Uchinchi jahon urushi haqidagi gaplari keng jamoatchilikning muhokamalariga sabab boʻlmoqda.

“Mirror” nashri xabariga koʻra, Baba Vanga 2026-yilda yirik davlatlar ishtirokida katta miqyosdagi mojaro boshlanishini bashorat qilgan. Bu toʻqnashuv qitʼalar boʻylab yoyilib, siyosiy beqarorlik va xalqaro keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin. Ayrim talqinlarda Xitoy Tayvan ustidan nazorat oʻrnatishi, shuningdek, Rossiya va AQSH oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuv yuz berishi ehtimoli ham tilga olinadi.

Bashoratlarda yana 2026-yilda jahon iqtisodiyotida jiddiy inqiroz yoki kamida ogʻir iqtisodiy pasayish boʻlishi mumkinligi aytilgan. Bu holat fond bozorlarining qulashi, inflyatsiyaning keskin oʻsishi yoki ayrim valyutalar qadrsizlanishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, baʼzi talqinlarda bu jarayon Rossiyadagi hozirgi siyosiy tizimga ham taʼsir qilishi, hatto Vladimir Putin rejimi zaiflashishi mumkinligi haqida soʻz boradi.

Aytilishicha, Baba Vanga 2026-yilda Rossiyada yangi yetakchi paydo boʻlishini ham bashorat qilgan. U jahon siyosatiga taʼsir koʻrsatadigan qudratli shaxs sifatida tavsiflanadi va 2026-yilda hokimiyatga kelishi taxmin qilinadi.

Shu bilan birga, bashoratlarda tabiiy ofatlar xavfi ham tilga olinadi. Tornado, sunami yoki kuchli zilzilalar qayerda sodir boʻlishi aniq aytilmagan boʻlsa-da, yer qimirlashi, vulqon faolligi va keskin ob-havo hodisalari bir vaqtda kuchayib, Yer yuzasining taxminan 8 foiziga taʼsir koʻrsatishi mumkinligi qayd etilgan.

Baba Vanga bashoratlariga koʻra, 2026-yil sunʼiy intellektning jadal rivojlanib, sanoat va kundalik hayotni tubdan oʻzgartirish davriga aylanishi mumkin. Bashoratchi, shuningdek, insoniyatning oʻzga sayyoraliklar bilan ilk aloqasi 2026-yil noyabrida sodir boʻlishi ehtimolini ham tilga olgan. Aksariyat talqinlarda esa bu paytda katta kosmik kema Yer atmosferasiga kirib kelishi taʼkidlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?