Terror taʼsirida parokanda boʻlgan oila: ota qamoqda, oʻgʻil qidiruvda (+video)
Bugungi kunda xalqaro terroristik tashkilotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan soxta xayriya aksiyalarini tashkil etish yoʻli bilan, oʻz faoliyatlarini moliyalashtirish maqsadida pul yigʻishmoqda. Achinarlisi, ularning tuzogʻiga tushib, oʻz atrofidagilarni, hatto yaqin qarindoshlarini ham jinoyatga koʻchasiga olib kirayotgan yoshlarimiz ham uchrab turibdi.
Jumladan, Buxoro shahrida yashovchi, 1999-yilda tugʻilgan shaxs yot gʻoyalar taʼsirida 2019-yilda Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qoʻshilgan. U jangarilar safida faoliyat olib borish bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan boshqalardan pul yigʻib, terroristik tashkilotning moliyaviy taʼminotini yaxshilashga koʻmaklashgan.

2021-2025-yillar davomida mazkur shaxs internet orqali oʻzbekistonlik fuqarolar bilan muloqotga kirishib, ularni kriptovalyuta koʻrinishida pul mablagʻlari yuborishga daʼvat qilib, katta miqdorda pul yigʻishga muvaffaq boʻladi.
Hozirda uning aldovlariga uchib, pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 155³-moddasi, yaʼni terrorizmni moliyalashtirish aybi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, u oʻzining qabih ishlariga Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi, 1965-yilda tugʻilgan oʻz otasini ham jalb qilgan. Ota esa oʻgʻlining aytganlarini bajargan.
Xususan, 2022-2025-yillar davomida ota “BINANCE” xalqaro kripto-birjasi orqali jami 13 ming 597 USDT kripto-valyutasini oʻgʻliga yuboradi.
Taʼkidlash lozimki, ota muqaddam diniy ekstremizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallarni tarqatish bilan shugʻullanganligi uchun 2019-yilda huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga olinib, Jinoyat Kodeksining 244¹-moddasiga asosan 5-yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinroq esa Buxoro shahar sudining ajrimi bilan, u shartli ravishda ozod qilingan.

Ushbu fuqaro davlat tomonidan oʻziga nisbatan koʻrsatilgan insonparvarlikning qadriga yetmasdan, bildirilgan ishonchni suiisteʼmol qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uning harakatlariga chek qoʻyilib, jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Buxoro shahar sudining hukmi bilan 1965-yilda tugʻilgan mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining 155³-moddasi 2-qismi “a” bandi va 278⁸-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 10-yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Uning 1999-yilda tugʻilgan oʻgʻli esa Jinoyat Kodeksining 244¹, 244², 155², 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring