Matbuot — bu shunchaki axborot manbai emas, u jamiyatning koʻzgusi
Soʻz — masʼuliyat, soʻz — ishonch. Shu bois matbuot jamiyat bilan davlat oʻrtasida mustahkam koʻprik boʻlib xizmat qilib kelmoqda.
Guliston davlat pedagogika instituti va Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazida oʻtkazilgan “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari kunlari» tadbirlarida soʻz qadri, undan foydalanish masʼuliyati, bu bebaho neʼmatning odamlarda ertangi kunga ishonchni mustahkamlashdagi ahamiyati haqida fikr yuritildi.

“Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari tahririyati va Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur ijodiy uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari tashkil etilganining 35 yilligiga bagʻishlandi. Muloqotlarda gazetalarning koʻp yillik mushtariylari, yoshlar, ziyolilar jam boʻldi.

Tadbirda tahririyat faoliyatida keyingi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlar haqida maʼlumot berildi. Qayd etilganidek, bugungi axborot makonida tezkorlik, aniqlik va xolislik asosiy mezonga aylangan. Shu bois gazetalar mazmun-mohiyatini zamon talablari asosida boyitish, tahliliy materiallar salmogʻini oshirish va dolzarb ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni chuqur yoritishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi oʻzgarishlar doimiy ravishda tahlil asosida yoritilmoqda. Mutaxassislar, olimlar va amaliyotchilar ishtirokida intervyu va sharhlar tashkil etilib, oʻquvchilarga masalalarning mohiyatini chuqur anglash imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, raqamli platformalar faoliyatini kengaytirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Gazetalarning rasmiy veb-sayti zamon talabalari asosida qayta ishlab chiqildi, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, multimedia loyihalari orqali axborot yetkazish qamrovi kengaymoqda. Ayniqsa, infografikalar, videosharhlar va qisqa tahliliy materiallar yoshlar auditoriyasi tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinmoqda.

Uchrashuvlarda soʻzga chiqqanlar aholini xolis va ishonchli axborot bilan taʼminlash, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishga “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari katta hissa qoʻshib kelayotganini eʼtirof etdi. Mazkur nashrlar mamlakat hayotini keng va xolis yoritib borayotgan, milliy matbuotimizning muhim va ishonchli nashrlari ekani, ularning sahifalarida chop etilayotgan maqolalar jamiyat taraqqiyoti va fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda katta ahamiyatga egaligi eʼtirof etildi.

— “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari oliy oʻquv yurtimizdagi eng koʻp oʻqiladigan nashrlar hisoblanadi, — deydi Guliston davlat pedagogika institutining oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Azizjon Qalandarov. — Prezidentimiz tomonidan imzolanayotgan qonunlar, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar bilan ayni shu nashrlar orqali tanishamiz, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotidan batafsil xabardor boʻlib boramiz.

Soʻz navbati mushtariylarga berilganda zalda samimiylik va erkinlik muhiti yanada kuchaydi. Takliflar, mulohazalar, tanqid va iliq fikrlar — barchasi ochiq aytilib, samimiyat bilan qabul qilindi.

Xususan, Guliston davlat pedagogika institutining Oʻzbek filologiyasi fakulteti talabalari — Rayxona Mamatqulova, Gulnora Turgʻunboyeva “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalarini muntazam kuzatib borishini taʼkidlab, ularda chop etilayotgan tahliliy maqolalar uchun tahririyat aʼzolariga minnatdorlik bildirdi. Muloqotda tahririyat vakillari tomonidan bildirilgan Guliston davlat pedagogika institutida “Mahorat maktabi”ni tashkil etish taklifi oliygoh jamoasi va yoshlar tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazida davom etgan muloqotda taʼkidlandiki, matbuot — bu shunchaki axborot manbai emas, u jamiyatning koʻzgusi hamdir. Unda xalq dardi ham, orzusi ham, yutuqlari ham, muammolari ham aks etishi shart. Jurnalist qalami faqat voqelikni tasvirlamaydi, uning mazmunini ochadi, sabab va oqibatini tahlil qiladi. Shu bois xolislik, faktga tayanish, masʼuliyat va vijdon — ijodkor uchun eng yuksak mezondir.

— “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari kutubxonamiz foydalanuvchilari tomonidan eng koʻp soʻraladigan nashrlar sirasidan, — deydi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazi direktori Oybek Karimov. — Shu bois har yili ushbu nashrlarga bir emas, bir necha nusxada obuna boʻlamiz.

Muloqotda soʻzga chiqqan Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov gazetalarning tarixi haqida toʻxtalib, muntazam kuzatib borishini taʼkidladi. Shuningdek, olim ulugʻ alloma va ajdodlarimiz haqida turkum maqolalar, iqtisodiy tahlillar, xalqaro sharhlarni, sport xabarlarini, yangi chop etilayotgan kitoblar haqida, shuningdek, hududlardagi oddiy insonlar hayoti, mehnatkashlar taqdiri koʻproq yoritilishini istashini bildirdi.


Tadbirlarda tahririyat va mushtariylar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, gazetalarning oʻqishliligini, ommabopligini yanada oshirish borasida bildirilgan mulohaza va takliflar kelgusi faoliyatda inobatga olinishi, istiqboldagi rejalar shu asosda ishlab chiqilishi aytildi. Muloqotlar qalam ahli va oʻquvchi qalbi oʻrtasidagi samimiy suhbatga, fikr va qarashlar almashinuviga aylandi.
Fazliddin ABILOV, Ahmadali SHERNAZAROV “Xalq soʻzi” muxbirlari.
Yunus BOʻRIYEV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi

Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring